Mahalla yoshlariga bayram tuhfasi
Navro‘zi olam nishonlanayotgan shu kunlarda Andijon viloyatida yangi-yangi inshootlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, ishlab chiqarish korxonalari foydalanishga topshirilmoqda. Marhamat tumanidagi Beshmirza mahallasida barpo etilgan 30- umumta’lim maktabining filiali ham ana shunday inshootlardan biridir.
Keng jamoatchilik vakillari, mahalla oqsoqollari ishtirokida maktab filiali ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda so‘z olgan Marhamat tumani hokimi Boburjon Yuldashev va boshqalar tomonidan Prezidentimiz tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim maktablari uchun moslashtirilgan binolar qurish, maktablarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, o‘qituvchi va o‘quvchilarga zarur ish sharoitlari yaratish, o‘quvchilarning puxta bilim olishi, ta’lim sifati va samaradorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi ta’kidldandi.
[gallery-16533]
Ikki qavatli, zamonaviy ko‘rinishga ega, 300 o‘rinli mazkur maktab filiali “Paxtaobod qurilish sifat” mas’uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan barpo etildi. O‘quv xonalarida o‘quvchilarning o‘qishi, puxta bilim olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
– Maktab filialining foydalanishga topshirilishi mahallamiz ahli uchun haqiqiy bayram tuhfasi bo‘ldi, – deydi mehnat faxriysi Ro‘zimat Xudoyberdiyev. – Farzandlarimiz shu paytga qadar qo‘shni qishloqlardagi maktablarga qatnab o‘qir edi. Ayniqsa, ayozli kunlarda ular ancha qiynalishardi. Farzandlarimiz maktabga borib kelgunlarigacha xavotirda turar edik.
Bugun mahalladoshlarimizning ko‘p yillik orzusi ushaldi. Endi bolalarimiz mahallamizning o‘zida o‘qib, bilim olishadi. Farzandlarimizga mana shunday imkoniyatni yaratib bergan Prezidentimizga, tuman, viloyat rahbarlariga mingdan ming rahmat.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari