Mahalla yoshlari mini futbolda bahslashdi
“Mahalla” xayriya jamoat fondi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Taxtako‘pir tuman bo‘linmasi, tuman Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, turizm va sport bo‘limlari tomonidan fuqarolar yig‘inlari jamoalari o‘rtasida “Sportni sev, sport bilan yasha” shiori ostida mini futbol bo‘yicha musobaqa tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida o‘tkazilgan musobaqada 13 ta jamoa ishtirok etdi.
Murosasiz kechgan bahslarda “G‘arezsizlik” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi birinchi, “Taxtako‘pir” shaharcha fuqarolar yig‘ini jamoasi ikkinchi, “Dao‘ir” mahalla fuqarolar yig‘ini jamoasi uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Musobaqa g‘oliblari va faol ishtirokchilari “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi, tuman turizm va sport bo‘limi tomonidan esdalik sovg‘alari va diplom bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA