“Mahalla yordami” telegram boti ishga tushadi
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalistlar uchun press-tur uyushtirildi.Tadbirda Samarqand viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘i Salohiddin Sattorov hamda boshqarma mas’ul xodimlari aholiga sifatli huquqiy yordam ko‘rsatish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Dastlab, boshqarmada yo‘lga qo‘yilgan “Situatsion markaz” faoliyati bilan tanishtirildi. Qayd etildiki, bugungi kunda barcha Davlat xizmatlari markazlari hamda FHDYO organlari va Yuridik xizmat ko‘rsatish markazlari to‘liq kuzatuv kameralari bilan jihozlangan. Ushbu kuzatuv kameralari Adliya vazirligi binosida BMT Taraqqiyot Dasturining “O‘zbekistonning qishloq hududlarida davlat xizmatlarini taqdim etishni takomillashtirish va boshqaruv darajasini oshirish” qo‘shma loyihasi doirasida barpo etilgan “Situatsion markaz” bilan bog‘langan. Markaz orqali yuqorida nomlari keltirilgan adliya organlaridagi xizmat ko‘rsatish jarayonini real vaqt rejimida kuzatish, elektron murojaatlar hamda axborot tizimlar holati bo‘yicha monitoring qilish imkoniyati yaratilgan.
Samarqand viloyati adliya boshqarmasidagi situatsion markaz viloyatdagi 16 ta Davlat xizmatlari markazi, 23 ta FHDYO organi va 16 ta yuridik xizmat ko‘rsatish markazi binolaridagi jami 280 ga yaqin kuzatuv kameralari hamda Q-matic tizimi bilan bog‘langan. Bu tashkilotlar faoliyatini monitoring qilish va xodimlarning xatti-harakatini kuzatish imkonini beradi. Eng asosiysi, elektron navbatlarni nazorat qilish imkonini beruvchi Q-matic tizimi va undan foydalanish, har bir markazdagi navbatlar ham nazorat qilinadi.
Boshqarma mas’ullarining qayd etishicha, mazkur markaz davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulaylik va shaffoflikni ta’minlash, shuningdek tezkor va sifatli davlat xizmatlarini ko‘rsatish imkonini beradi. Press-turda “Mahalla yordami” telegram boti taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Mazkur bot Prezidentimizning 2024 yil 24 maydagi farmonida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan.
Mazkur bot orqali dastlabki bosqichda faqat ijtimoiy daftarlar hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolar uchun qonunchilikda berilgan imtiyozlar turlari, ulardan qanday foydalanish mumkinligi, qaysi vakolatli organga murojaat qilish, imtiyozlarni qo‘llash tartibi va muddatlari haqida batafsil ma’lumot olish mumkin.
Imtiyozlarni qo‘llash bo‘yicha qonun buzilish holatlari aniqlangan taqdirda adliya boshqarmasiga murojaat qilish imkoniyati yaratilgan.
Botdan fuqarolarni xabardor qilish, undan foydalanish tartibi to‘g‘risida joylarda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Xususan, QR-kodli ma’lumotlar viloyat hududidagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlariga tarqatilmoqda.
Bundan tashqari, boshqarma tomonidan hozirda “Mahalla yordami” telegram boti foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ya’ni faqat “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” hamda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolarga berilgan imtiyozlar emas, balki amaldagi qonunchiligimizda mavjud barcha jismoniy va yuridik shaxslarga berilgan imtiyoz va preferensiyalar haqida ham botga ma’lumot kiritish ishlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, hududiy mahalla uyushmalari bilan birgalikda fuqarolarning huquqiy muammolarini yechish bo‘yicha adliya bo‘limlari boshliqlarining reja-grafik asosida qabullari tashkil etilib, bu onlayn-virtual qabullar tarzida ham olib borilmoqda.
G‘.HASANOV,
A.ISROILOV (surat), O‘zA muxbirlari