Mahalla yettiliklari uchun ochiq muloqot o‘tkazildi
Eng namunali mahalla yettiliklari ishtirokida dolzarb masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev boshchiligida uyushma boshqarma boshliqlari, 14 ta hududdan mahalla yettiliklari hamda tizim mutasaddilari ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda mahalla tizimini yanada takomillashtirish, uning samaradorligini oshirish hamda aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga qaratilgan istiqboldagi rejalar va takliflar muhokama qilindi.
Xususan, mahallalarda tomorqachilikni rivojlantirish, mahallalarning faol homiylarini maxsus reyestrga kiritish va ularni davlat mukofotlariga tavsiya etish va ularni rag‘batlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Shuningdek, "Raqamli mahalla" platformasida sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, hokim yordamchilari faoliyatini platformaga integratsiya qilish hamda reyestrga kiritilmagan fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish, chorvachilik va sutchilikni rivojlantirish, mahalla servis kompaniyalari faoliyatini kengaytirish hamda mahalla yettiliklari uchun maxsus telegram-bot yaratish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilandi.

Uchrashuv yakunida ilgari surilgan taklif va tashabbuslarni amaliyotga tatbiq etish mahalla tizimi samaradorligini oshirish va aholining farovonligini yuksaltirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
N.Usmonova,
O‘zA