Mahalla xodimlarining ustama pullari undiriladigan bo‘ldi
Prezidentimizning 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmonida mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha manbalari va Byudjet tashkilotlarining moddiy rag‘batlantirish maxsus jamg‘armasi hisobidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lash joriy etilishi lozimligi belgilangan.
Biroq Sirdaryo viloyati Sayxunobod tuman hokimligi tomonidan mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va o‘rinbosarlari lavozim maoshiga 30 foiz qo‘shimcha maxsus ustama to‘lanmagan. Tuman mahalla fuqarolar yig‘ini raislari va o‘rinbosarlari esa bundan norozi. Sayxunobod tuman adliya bo‘limiga kelib tushgan ushbu mazmundagi murojaat qonunchilikka muvofiq o‘rganib chiqildi.
O‘rganish davomida zarur hujjatlar to‘plandi. Sayxunobod tuman hokimligi tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, tumandagi 57 nafar mahalla fuqarolar yig‘ini xodimlariga 2021 yil 18 oktyabr holatiga 249.403.291 (ikki yuz qirq to‘qqiz million to‘rt yuz uch ming ikki yuz to‘qson bir) so‘m ustama pullari to‘lanmaganligi ma’lum bo‘ldi. Aniqlangan ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish yuzasidan adliya bo‘limi tomonidan tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi. Ammo tuman hokimligi tomonidan taqdimnoma ijrosi ta’minlanmadi.
Yuqoridagilarga asosan, tuman adliya bo‘limi tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Sirdaryo tumanlararo sudiga ariza kiritildi. Natijada sud buyruqlari bilan Sayxunobod tumanidagi mahalla fuqarolar yig‘inlarining 57 nafar xodimiga 249.403.291 (ikki yuz qirq to‘qqiz million to‘rt yuz uch ming ikki yuz to‘qson bir) so‘m ustama pullari undirilishi belgilandi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA