Buxoro viloyatida mahalla xodimlari kuni keng nishonlandi. Tadbirda mahalla faollari, ularga yaqin hamkor va ko‘makchi bo‘layotgan sektorlar, mas’ul mutasaddilar, jamoatchilik vakillari qatnashdi.
Tantanada viloyat hokimi Botir Zaripov tobora faoliyati takomillashtirilib, samarali tarmoqqa aylanayotgan tuzilma mas’ul xodimlari va faollarini o‘ziga xos kasb bayrami bilan muborakbod etdi.


–Mamlakatimizda uchinchi bor nishonlanayotgan mazkur tizim bayrami mehr-oqibat ayyomi Navro‘z tantanalari davom etayotgan mana shunday shukuhli kunda o‘tkazilayotganida ham ramziy ma’no bor. Nega deganda, mahalla asrlar osha milliy urf-odat va an’analarimizni bezavol saqlab, xalqimiz uchun ezgulik va tarbiya beshigi, yaxshi qo‘shnichilik va hamjihatlik maskani bo‘lib kelmoqda, – dedi Buxoro viloyat hokiim. – Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda, biz mahalla deganda, dunyoda kamdan-kam uchraydigan, insonni jamiyat bilan uyg‘un bo‘lib yashashga o‘rgatib, bag‘rikenglik ruhida tarbiyalaydigan, xalq bilan davlat o‘rtasidagi ishonchli ko‘prik vazifasini bajaradigan noyob tuzilmani tushunamiz. Shu bois, keyingi yillarda yurtimizda mahalla instituti rivojiga doir 20 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat qabul qilingani, “mahallabay ishlash” tamoyiliga asoslangan yangi tizim joriy etilgani o‘z samarasini bermoqda. Soha xodimlarining mehnatini rag‘batlantirish maqsadida, ularning oylik maoshlari 4,5 baravarga oshirildi. Fuqarolar yig‘inlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 210 ta mahalla idorasi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi va 233 tasi mukammal rekonstruksiya qilindi. Albatta, ana shunday xalqchil islohotlar natijasida 2022 yilda viloyatda 464 mingga yaqin fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, 15 mingdan ziyod aholi tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb etilgan. Imkoniyati cheklangan 2,5 mingdan ziyod oilaning tomorqadan samarali foydalanishiga amaliy yordam ko‘rsatilgan. Mahallalarda hashar yo‘li bilan 982 ehtiyojmand oilaning xonadoni ta’mirlanib, 711 kambag‘al oilaga uy-joy qurib berilgan. Shuningdek, qishloqlarda 900 kilometrdan ortiq ichki yo‘l ta’mirlanib, 763 kilometr uzunlikda ichimlik suv tarmog‘i tortilgan.


Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash maqsadida o‘tgan yili mahalla faollari ko‘magida ajralish yoqasiga kelib qolgan 3 mingga yaqin oila yarashtirilgani, 253 ta mahallada jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani, namunali mahallalar soni 210 taga yetgani albatta, tahsinga loyiqdir.


Prezidentimiz O‘zbekiston mahalla tizimi xodimlari va faollariga bayram tabrigi yo‘lladi. Qolaversa, davlatimiz rahbarining farmoniga muvofiq bir guruh yurtdoshlarimiz yuksak davlat mukofotlari, orden va medallar bilan taqdirlandi. Albatta, ular orasida buxoroliklarning ham borligi barchamizga faxru iftixor bag‘ishlaydi. Jumladan, 2 nafar viloyat vakili davlat mukofoti bilan, 32 nafar mahalla faoli esa “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tantanada viloyat rahbari tomonidan mazkur davlat mukofotlari va ko‘krak nishonlari o‘z egalariga topshirildi.Mahalla tizimi xodimlari kuni munosabati bilan tashkil etilgan bayram tantanasida viloyat san’at ustalari, xushovoz estrada xonandalarining konsert dasturi yig‘ilganlarga o‘zgacha ko‘tarinkilik va bahoriy kayfiyat ulashdi.


Zarif Komilov, O‘zA muxbiri