Mahalla va kutubxona yangi binoda ish boshladi
Jizzax viloyati Zarbdor tumani “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi hamda ushbu mahalla tasarrufida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda tuman hokimligi, tuman mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvatlash bo‘limi, mehnat faxriylari, mahalla faollari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda keyingi yillarda mahallani har tomonlama obod go‘shaga aylantirish, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish, yosh avlodni mutolaaga oshno etish maqsadida mamlakatimizning bir qator mahalla markazlarida zamonaviy kutubxona binolari qurilib, foydalanishga topshirilayotgani, bu “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyilini hayotga to‘la tatbiq etishga xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri bo‘lgan yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar natijasida bugun mamlakatimizning chekka hududlarida ham zamonaviy va ko‘rkam kutubxonalar, madaniy markazlar qad rostlamoqda.

Yangi ochilgan kutubxona fondidan o‘zbek mumtoz, jahon va bolalar adabiyoti, ilmiy qo‘llanmalardan iborat mingdan ortiq kitob joy olgan. Shuningdek, ziyo maskanidagi kompyuterlar jamlanmasi hudud aholisi va yoshlari uchun xizmat qilishi shubhasiz.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA