Mahalla uchun yangi bino
Joylarda bayram munosabati bilan ijtimoiy soha ob’ektlari foydalanishga topshirilishi davom etmoqda. Xususan, Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumani Do‘ltali MFYning yangi ma’muriy binosi ish boshladi.
Tadbirda viloyat xokimi M.Azimov va sektor rahbarlari ham ishtirok etdi.

“Sho‘rtangazkimyo” majmuasi homiyligida zamonaviy qilib qurilgan mazkur binoda mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, profilaktika inspektori va xotin-qizlar faoli xonalari mavjud. Xonalar “Mahalla” xayriya jamoat fondi G‘uzor tumani bo‘linmasi tomonidan kompyuter jamlanmalari va mebellar bilan jihozlangan.

Mahallaning yangi ma’muriy binosida yaratilgan sharoitlar bilan tanishar ekan “Bu yerda “beshlik” uchun hamma sharoitlar yaratilgan va kelgusida bu mahalladagi aholining, yoshlarning barcha-barchaning manfaatlari uchun xizmat qilishi kerak”, dedi viloyat rahbari.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Do‘ltali MFY “beshligi” joriy yilning 8 oyi davomida hududda biror bir jinoyat sodir etilmasligiga erishgan. Bu jarayonda mahalla ahlini, nuroniylarni va aholini ish bilan ta’minlashga xizmat qilayotgan tadbirkorlarni ham hissasi beqiyos.
O‘lmas Barotov, O‘zA.