Mahalla tizimining vakolatlari kengaytirildi
2026-yil 24-iyunda davlatimiz rahbarining “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan O‘zbekiston mahallalari uyushmasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar boshqarmalari hamda tuman (shahar) bo‘limlariga mahallalardagi muammolarni tizimli tahlil qilish, mas’ul idoralar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik yo‘nalishlarini ishlab chiqish, shuningdek, hududiy dasturlarni tayyorlash hamda ijrosini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi berildi.
Mahallada yashovchi birinchi marotaba ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etgan fuqarolarga ularning oilaviy sharoitidan kelib chiqib, fuqarolar yig‘ini kengashining kollegial qarori asosida shaxsga nisbatan yengillik berish to‘g‘risida qilingan murojaat sud-tergov organlari tomonidan qanoatlantirilgan hollarda: “mahalla yettiligi” kafillikka olingan shaxsni qayta tarbiyalash, zarur hollarda, kasbga o‘rgatish, bandligini ta’minlash, ta’limga yo‘naltirishga mas’ul bo‘ladi.
Kafillikka olingan shaxs 3 yil davomida jinoyat va huquqbuzarlik sodir etmasa, “mahalla yettiligi”ning shaxsni tarbiyalashda faollik ko‘rsatgan a’zosini qo‘shimcha rag‘batlantirish choralari ko‘riladi.
Uyushmaning tuman (shahar) bo‘limi boshliqlariga “mahalla yettiligi” faoliyatiga aralashganlik, ularni xizmat vazifalari bilan bog‘liq bo‘lmagan ishlarga jalb etganlik uchun tuman (shahar) hokimlariga taqdimnomalar kiritish vakolati beriladi.
N.Abduraimova, O‘zA