Mahalla tizimi xodimlari oʻqitilmoqda
Namanganda viloyat hokimligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan filiali hamkorligida mahalla fuqarolar yigʻinlari xodimlarining oʻquv- seminarlari boshlandi.
Davlatimiz rahbarining 2023-yil 21-dekabrdagi “Mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish va uning aholi muammolarini hal etishda birinchi boʻgʻin sifatida ishlashini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni hamda “Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan topshiriqlarni amalga oshirish mexanizmlarini ijrochilarga sifatli yetkazishga qaratilgan mazkur seminar ikki bosqichda tashkil etilmoqda.

Dastavval, hududlardagi “Mahalla yettiligi” tarkibidan tanlab olingan nomzodlar Prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida trener sifatida tayyorlandi. Ikkinchi bosqichda esa, hududiy trenerlar tomonidan shahar va tumanlarda mahalla tizimi vakillari uchun oʻquv- seminarlar oʻtkazilishi belgilandi.
Mahalladagi yoshlar yetakchisi oʻgʻil-qizlarni sport, musiqa va turli toʻgaraklarga jalb etish bilan shugʻullansa, xotin-qizlar faoli ayollarni tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandchilikka yoʻnaltirishga yordam beradi. Ijtimoiy xodim esa yolgʻiz keksa, nogironligi bor va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmatlarni koʻrsatadi.

– Oʻquvlardan asosiy maqsad “yettilik tizimi”ning muhim ahamiyati, mazkur faoliyatni tashkil etish mexanizmlari, yangi tizim samarasida aholi uchun yaratiladigan imkoniyatlar borasida bilim va koʻnikmalar berish hamda har bir masʼulning mahalladagi oʻrni, asosiy vazifa va majburiyatlarini tushuntirishdan iborat, – deydi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Namangan filiali rahbari Shuhrat Toʻxtaboyev. – Qolaversa, “Mahalla yettiligi” xodimlari faoliyatini samarali tashkil etish hamda kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar haqida atroflicha maʼlumotlar beriladi.

Hozir Namangan shahrining Davlatobod va Yangi Namangan tumanlaridagi 53 ta mahalla fuqarolar yigʻinidagi xodimlar oʻquv-seminarda ishtirok etmoqda. Oʻquv - seminar dasturidan “Mahalla yettiligi” faoliyatini tashkil qilish, mahallalar raislari faoliyati, mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish, yoshlar ishlari, oila va xotin-qizlar, ichki ishlar, ijtimoiy himoya, soliq, maʼnaviyat va maʼrifat, adliya yoʻnalishlaridagi mavzular oʻrin olgan. Oʻquv- seminarlar yakunida ishtirokchilardan test olinib, ularning sohalar boʻyicha oʻzlashtirgan bilim hamda koʻnikmalari aniqlanadi.
Maʼlumot uchun: mahalla tizimi xodimlari oʻquvi viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan rejaga asosan joriy yilning 15-fevraliga qadar davom etadi.


Oqilxon Dadaboyev, OʻzA muxbiri