Mahalla rivojiga eng ilg‘or g‘oyalar tatbiq etiladi
Prezidentimiz Olmazor tumaniga tashrifi doirasida turizm va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati bilan tanishdi. Mutasaddilarga turizm va xizmat ko‘rsatish sohalaridagi ishlarni yanada takomillashtirish, mahallalardagi tarixiy muhitni asrab-avaylagan holda iqtisodiy faollikni oshirish, eng muhimi, odamlar manfaatiga xizmat qiladigan barqaror tizimni shakllantirish bo‘yicha aniq topshiriqlar berildi.
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi dotsenti Mansur Yunusov shu haqda munosabat bildirdi:
– Davlatimiz rahbari milliy me’moriy uslubda ta’mirlangan xonadonlar, obod ko‘chalar va aholi uchun yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirar ekan, turistlar uchun sharoit yaratishni yanada yaxshilash haqida fikr bildirdi.

“Masalan, hunarmandchilik – milliyligimizni ifodalaydigan asosiy yo‘nalishlardan biri. Shu bois hunarmandlar mahsulot ishlab chiqarishi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratib berish bizning vazifamiz. Malakali kadrlar tayyorlash zarur. Shu maqsadda hunarmandlar universitetini tashkil etish maqsadga muvofiq. Biz tadbirkorlar bilan uchrashyapmiz, endilikda hunarmandlar bilan ham alohida uchrashuvlar tashkil etamiz”, dedi Prezident.
Aytib o‘tish joizki, Olmazor tumanida bugungi kunda 300 mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi. Olmazor tumanida qadimiy yodgorliklar qad rostlagan Xastimom majmui va unga yaqin Zarqaynar dunyo sayyohlarini o‘ziga maftun etib kelayotgan joy hisoblanadi.
“Eski juva” bozori yaqinligi bois, bu joyda o‘zbek xalqining qadimiy urf-odatlari, milliy an’analari va qadriyatlari aks etgan hunarmandchilik, kulolchilik va zardo‘zlik mahsulotlari ishlab chiqarilishi aholini ish bilan ta’minlash hamda yangi ish o‘rinlarini yaratishga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, Zarqaynar go‘shasi yaqinida Islom sivilizatsiya markazining qad rostlagani sayyohlar qiziqishini yanada oshirdi.
Uchrashuvda davlatimiz rahbari talaba-yoshlar o‘rtasida mahallani rivojlantirish dasturlari tanlovini joriy etish taklifini berdi. Bugungi yoshlarning kreativ fikrlashi va innovatsion yondashuvi, albatta, Vatan ichida Vatan bo‘lgan mahallaning yanada taraqqiy etishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, Olmazor tumanida buning amalda ta’minlanishi yaxshi samara beradi. Chunki tumanda yirik oliy o‘quv yurtlari joylashgan. Mahallalar hamda oliy ta’lim muassasalari hamkorligi rivojlanishi esa bu yo‘nalishda ilmiy ishlar olib borilishiga yo‘l ochishi mumkin.
Bunday yondashuv esa mahalla rivojiga eng ilg‘or g‘oyalar tatbiq etilishi, xalq hayoti yanada yaxshilanishi, turizm rivojlanishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA