Mahalla raisligiga eng munosib nomzodlar saylanadi
Buxoroda Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovining tashkiliy-huquqiy asoslariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi tomonidan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi mas’ullari, shahar va tumanlar komissiyalari, ishchi guruh raislari, mahalliy Kengashlarning kotibiyat mudirlari, hokimliklarning tashkiliy-kadrlar guruhlari rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Seminarni Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat komissiyasi raisining o‘rinbosari To‘lqin Ochilov olib bordi. Ta’kidlanganidek, joriy yilning 16 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish hamda uni o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi. Ushbu qarorga muvofiq, Buxoro viloyatining barcha mahalla fuqarolar yig‘ini – o‘zini o‘zi boshqarish organida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini o‘tkazish belgilandi. Shuningdek, “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” gi qonunga asosan fuqarolar yig‘inlari raislari saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, shuningdek, shahar va tumanlar komissiyalari hamda fuqarolar yig‘ini raisi saylovini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha har bir mahallada Ishchi guruh tuzildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarori bilan tasdiqlangan tadbirlar rejasida saylovlarni tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi viloyat, shuningdek, shahar va tumanlar komissiyalari hamda Ishchi guruhlari uchun amaliy seminarlar tashkil etish belgilangan.
– Saylovning tashkiliy-huquqiy asoslari muhokama qilinishi barobarida, avvalgi yillarda bo‘lib o‘tgan saylovlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari belgilandi, – deydi viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i, viloyat komissiyasi kotibi Ahror G‘ulomov. – Asosiy maqsad, viloyatdagi 544 ta fuqarolar yig‘ini raisligiga (oqsoqoli) eng munosib nomzodlarni saylashdir.
Tadbirda ishtirokchilar saylovlarni tashkil etish va o‘tkazish borasida o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.
Zarif Komilov, O‘zA