Mahalla raislari zimmasida katta mas’uliyat bor
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligida mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovining yakuniga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
– Mamlakatimizning barcha hududlari singari Orolbo‘yida ham joriy yilning 16-30 may kunlari Fuqarolar yig‘inlari raisi (oqsoqoli) saylovi qonunda belgilangan tartibda adolatli va shaffof tarzda o‘tkazildi, – deydi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va uni o‘tkazishga ko‘maklashuvchi Qoraqalpog‘iston Respublikasi komissiyasi raisi o‘rinbosari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vaziri S.Turmanov.
Tasdiqlangan rejaga muvofiq, jami 424 ta mahallada 3920 nafar a’zodan iborat ishchi guruhi tuzildi. Ishchi guruhlar tarkibiga hududda joylashgan korxona, muassasa va tashkilotlar, nodavlat notijorat tashkilotlar vakillari shuningdek, xalq deputatlari tegishli shahar va tuman Kengashlari deputatlari kiritildi.
Bo‘lib o‘tgan saylovlarda 110 ming 56 nafar vakil ishtirok etdi. Ta’kidlash joizki, Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) lavozimiga nomzodlarni tayinlashda aholi fikri alohida inobatga olindi. Shu bois, qoida tariqasida, oliy ma’lumotli, bevosita saylovga qadar kamida besh yil tegishli hududda doimiy yashagan, tashkilotchilik qobiliyati, hayotiy tajriba va aholi o‘rtasida obro‘-e’tiborga ega bo‘lgan jami 1 ming 575 nafar fuqaro mazkur saylovlarda nomzod sifatida ko‘rsatildi.
O‘tkazilgan suhbatlar natijasida shahar va tuman hokimlari tomonidan tavsiya etilgan 972 nafar nomzoddan 424 nafari fuqarolar tomonidan mahalla raisi (oqsoqoli) lavozimiga munosib, deb topildi.

Saylovlarda munosib, deb topilgan 424 nafar mahalla raisining 180 nafari mahalla raisi lavozimida faoliyat yuritgan, 244 nafari ilk marotaba mahalla raisligiga saylanganlar hisoblanadi. Shuningdek, mahalla raislarining yosh bo‘yicha tahliliga ko‘ra, 3 nafari 30 yoshgacha, 63 nafari 30-40 yoshli, 130 nafari 40-50 yoshli, 194 nafari 50-60 yoshli, 34 nafari esa 60 yoshdan yuqori bo‘lgan kishilardir. Shundan 398 nafari oliy, 26 nafari o‘rta maxsus ma’lumotga ega.
Mutaxassisligiga ko‘ra 19 nafari huquqshunos, 149 nafari o‘qituvchi, 56 nafari iqtisodchi, 70 nafari muhandis, 40 nafari agronom, 90 nafari boshqa kasb egasi hisoblanadi. Mazkur mahalla raislarining 54 nafari ayol hamda 32 nafari Xalq deputatlari shahar va tuman Kengashlari deputatlaridir.
Saylovlarda aholi o‘ziga munosib ko‘rgan nomzodga ishonch bildirib, mahalla raisi sifatida sayladi. Zero, mahalla raisiga nafaqat odamlarimiz, balki mahalla hayoti, turmushi farovonligini ta’minlashda juda katta mas’uliyat yuklangan.
Dovud Abibullayev, O‘zA