Mahalla raisiga qayta ishonch bildirildi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2022 yil 16 mart kungi “Fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasida saylovda jami 424 ta, shundan 14 ta shaharcha fuqarolar yig‘ini, 145 ta ovul fuqarolar yig‘ini hamda 265 ta mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylanishi belgilandi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bugungi kunda ushbu saylovlarda 157 nafar mahalla raisi saylandi. Ulardan 81 nafarini birinchi marotaba saylanganlar, 76 nafari amaldagi raislar, 14 nafarini ayollar tashkil etadi.
Chimboy tumanida 12 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hamda 10 ta ovul fuqarolar yig‘ini bo‘lib, ularda 114 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi. Mamlakatimizning barcha hududlari singari tumanda fuqarolar yig‘inlari raislarini (oqsoqollari) saylash jarayonlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazilmoqda.
[gallery-7188]
Tumandagi Bolalar musiqa va san’at maktabida Berdaq mahalla fuqarolar yig‘ini raisi saylovi bo‘lib o‘tdi. Fuqarolar vakillari shu kunga qadar mahalla raisi lavozimida ishlab kelgan Fatima Palvanova hamda ushbu hududda istiqomat qiluvchi yosh mutaxassislardan biri Botir Jo‘ldosboyevning nomzodi uchun ovoz berdi. Saylov natijalariga ko‘ra, Fatima Palvanova nomzodi eng munosib, deb topilib, mahalla raisiga qayta ishonch bildirildi.
– Mahalla raisligiga hayot tajribasiga ega, eng munosib nomzodlar uchun ovoz berilmoqda, – deydi fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish va o‘tkazishga ko‘maklashuvchi tuman komissiyasi a’zosi Rao‘aj Utepbergenov. – bugungi saylovda ham aholi faollik ko‘rsatdi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA