Mahalla raisi saylovi davom etmoqda
Sirdaryo viloyatidagi 44 ta mahallaga rais saylandi. Joriy yilning 16 may kuni viloyat bo‘yicha 236 ta fuqarolar yig‘inlaridan 44 tasida (19 foiz) saylovlar o‘tkazildi.
Xususan, Boyovut tumanida 4 ta, Guliston tumanida 5 ta, Mirzaobod tumanida 3 ta, Oqoltin tumanida 4 ta, Sardoba tumanida 4 ta, Sayxunobod tumanida 4 ta, Sirdaryo tumanida 4 ta, Xovos tumanida 4 ta, Guliston shahrida 4 ta, Yangiyer shahrida 4 ta, Shirin shahrida 4 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining oqsoqollari saylandi.

Saylov natijalariga ko‘ra 44 ta mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari lavozimiga muqobillik asosida ko‘rsatilgan 97 nafar nomzoddan 44 nafari rais etib saylandi. Saylov jarayonlarida “Fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi to‘g‘risida” gi qonunning 18-moddasiga asosan saylov yoshidagi fuqarolardan 12 foizi hisobidan saylangan vakillarning 11601 nafaridan 8832 nafari (76,1 foiz) saylov jarayonlarida ishtirok etdi. Saylangan nomzodlarning 20 nafari amaldagi fuqarolar yig‘inlari, 24 nafari birinchi marotaba saylangan raislardir.
Shulardan, o‘qituvchilar 14 nafar, iqtisodchilar 8 nafar, muhandislar 2 nafar, huquqshunos 1 nafar, agronomlar 2 nafar, 1 nafar quruvchi hamda 16 nafari boshqa soha mutaxassislari hisoblanadi. Ayol raislar soni 2 nafarni, deputatlar soni 8 nafarni tashkil etdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA