Mahalla o‘z nomiga munosib maskanga aylanadi
Guliston shahridagi Bahor mahallasida "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlarini joriy etish bo‘yicha amaliy harakatlar boshlandi.
Kuni kecha mahallada Sirdaryo viloyati hokimi Akmaljon Mahmudaliyev, viloyat va shahar sektorlari rahbarlari, tashkilotlar, korxonalar mas’ullari, mahalladagi “yettilik” hamda faollar ishtirokida ochiq muloqot o‘tkazildi. Aholining taklif va tashabbuslari tinglandi.



– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ayni kunga qadar viloyatimizdagi 6 ta mahallada "Obod xonadon", "Obod ko‘cha" va "Obod mahalla" mezonlari asosida katta hajmdagi bunyodkorlik ishlari olib borildi. Maqsadimiz qisqa muddatda ichki imkoniyatlar hisobidan Bahor mahallasini ham har jabhada eng namunaviy hududga aylantirish, – dedi viloyat hokimi. –Ayrim hududlar aholisi "bizni mahallamiz qachon obod bo‘ladi?", degan savolni beradi. Tegirmon navbati bilan deganlaridek, ushbu tajriba viloyatning barcha sharoiti og‘ir mahallalarida bosqichma-bosqich joriy etiladi.


Bahor mahallasida 800 dan ziyod xonadon mavjud bo‘lib, ayni vaqtda ularning har biri mas’ullar tomonidan o‘rganilmoqda. Shu asosda mahalla infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha “Yo‘l xarita”si ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi.
Sh.Suyarov,Sh.Ortiqboyev(surat),
O‘zA muxbirlari