Mahalla muammolari deputat e’tiborida
Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu gal Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida mahallalarni rivojlantirish, aholi turmush darajasini yuksaltirish va joylardagi muammolarni o‘z vaqtida hal etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan. Ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodira Jonibekova Sirdaryo viloyatida bir qator mahallalarda ijtimoiy-iqtisodiy va infratuzilmaviy masalalarni o‘rgandi va aholi bilan ochiq muloqotlar o‘tkazdi.
Xovos tumanidagi “Qahramon” va “Qayirma”, Guliston shahridagi “Obodlik” va “Bahor”, Mirzaobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” mahallalaridagi uchrashuvlarda aholi turmushini qiynayotgan masalalar, infratuzilmaviy kamchiliklar va bandlik masalalari muhokama qilindi. Deputat shuningdek, jamoat xavfsizligi va profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, deputat Prezident raisligida bo‘lgan videoselektor yig‘ilishida belgilangan vazifalarni joylarda tushuntirdi va jamoat xavfsizligi hamda profilaktika ishlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratdi.
Tashrif davomida aholi bandligini ta’minlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish va tomorqalardan samarali foydalanish orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish bilan ham tanishildi. Xovos tumani Qayirma mahallasida aholining murojaat va takliflari tinglandi, shular orasida 90 yoshli Shafoat Zafarova bilan muloqot ham bo‘ldi.

O‘rganishlar davomida qator infratuzilmaviy muammolar aniqlandi. Xususan, Xovos–Shirin avtomobil yo‘li ta’mirtalab, “Elisa” tikuvchilik korxonasiga alohida binolar kerak, Mirzaobod tumanidagi fabrikada elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda va “Yangi O‘zbekiston” mahallasida qo‘shimcha maktab va bog‘cha binolari talab etiladi.
Aniqlangan masalalar bo‘yicha tegishli idoralarga deputatlik so‘rovlari yuborildi va ularni bartaraf etish choralari ishlab chiqilmoqda.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri