Mahalla keksalar bilan fayzli
Prezidentimizning joriy yil 23 aprel kuni poytaxtimizning Yashnabod tumanidagi Parvoz mahallasiga tashrifi chog‘ida fuqarolar yig‘inlari faoliyatini samarali tashkil etish bilan birga, keksa avlod vakillari faolligini oshirishga oid qator ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.
Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi tomonidan ushbu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida ayni kunlarda Nuroniylar jamoatchilik kengashlari hamda mahallalardagi “Keksalar maslahati” guruhlari faolligini oshirish bo‘yicha barcha hududlarda o‘quv-seminarlari tashkil etilmoqda.
O‘quv-seminarlari davomida “Har bir nuroniy — besh nafar yoshga murabbiy” tamoyili asosida har bir mahalla fuqarolar yig‘inida nuroniylarni yoshlarga biriktirish bo‘yicha yangi tizim joriy etish, keksalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, ular ishtirokida mamlakat bo‘ylab sayohatlar tashkil etish, nogiron va yolg‘iz keksalarga moddiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilmoqda.

Hozirgi kunga qadar bu kabi seminarlarga 22 ming 758 nafar ishtirokchi jalb qilindi, ularning 2 ming 800 nafari yoshlardan iborat.
Ushbu seminarlar ma’ruza, trening, interaktiv savol-javoblar shaklida o‘tkazilib, zamonaviy informatsion texnologiyalar va o‘qitish vositalaridan foydalanilmoqda.
O‘quv-seminarlari yurtimizning barcha mahallalarida qizg‘in davom etmoqda.
O‘zA