“Mahalla iftixori” ko‘krak nishoni muborak bo‘lsin
Yurtimizda yasharish va yangilanish, mehr va oqibat ayyomi Navro‘zi olam shukuhi kezib yurgan fayzli kunlarda viloyat hokimligida mahalla tizimida samarali mehnat qilayotgan, soha rivojiga munosib hissa qo‘shayotgan, yurt taraqqiyoti yo‘lida jonkuyarlik ko‘rsatayotgan 15 nafar buxorolik mahalla fidoyisiga “Mahalla iftixori” ko‘krak nishonlari topshirildi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tadbirda viloyat hokimi Botir Zaripov ishtirok etib, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan, qolaversa, o‘z vazifasini sidqidildan ado etib kelayotgan buxorolik mehnat fidoyilarini, soha xodimlarini bayram bilan samimiy tabrikladi.
Viloyatda so‘nggi yetti yilda 285 ta mahalla idorasi yangidan qurilib, 315 ta ma’muriy inshoot qayta rekonstruksiya qilingan. Ayniqsa, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimi keng joriy etilib, “mahalla yettiligi”dan iborat tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani, bandlikni ta’minlash, xotin-qizlar, yoshlar va nuroniylarga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirishda amaliy samaraga erishilmoqda.

Viloyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlash maqsadida o‘tgan yili mahalla faollari ko‘magida ajrashish yoqasiga kelib qolgan 1600 ga yaqin oila yarashtirilgani, mavjud 544 ta mahallaning 181 tasi yoki 34 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagani, namunali mahallalar soni 317 taga yetgani albatta, tahsinga loyiq.
Bugungi tinch, erkin va osuda hayotimizni qadrlash, mahallalarda, butun yurtimizda millatlararo do‘stlik va hamjihatlik, mehr-oqibat muhitini mustahkamlash, yolg‘iz keksalar, ehtiyojmand oilalar, bemor va nogiron insonlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ezgu va savob ishlar kuchaytirilmoqda.

Bugungi kunda shahar va qishloqlar, mahallalarda umumxalq hasharlari, ulkan obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari olib borilmoqda. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab ko‘chatlar o‘tqazilib, bog‘ va xiyobonlar barpo etilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar mazkur e’tirof o‘zlaridagi mas’uliyat hissini yanada oshirgani hamda kelgusida xalqimiz manfaati, mamlakatimiz rivoji yo‘lida yanada samarali mehnat qilishga undashini alohida ta’kidladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri