“Mahalla” fondi: sarhisob va rejalar
O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi Namangan viloyati bo‘limi faoliyatining o‘tgan 2021 yil yakunlari sarhisob qilindi.
Fond viloyat bo‘limi rahbari Ahmadjon Mukarramovning ta’kidlashicha, 2021 yilda “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish, mahalla fuqarolar yig‘inlari moddiy-texnika ta’minotini yaxshilash, moddiy yordam ko‘rsatish, mahalla idorasida foydalanilgan kommunal to‘lovlarni to‘lab berish, “Mahalla iftixori” ko‘krak nishoniga sazovor bo‘lgan hamyurtlarimizni rag‘batlantirish va ularni sihatgohda dam olishini ta’minlash borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Quvonarlisi, fondning viloyatdagi bo‘limlari tomonidan olib borilgan sa’y-harakatlar natijasiga ko‘ra, “Mahalla” fondi Respublika boshqaruvining e’tirofiga sazovor bo‘lib, tizimdagi viloyat fondlari o‘rtasida faxrli birinchi o‘rinni egalladi. Bu esa viloyatda mahalla tizimiga e’tiborning yuksakligi va sohada keng ko‘lamda mehnat qilinganligidan dalolatdir.
Shuni alohida qayd etish joizki, Prezidentimiz tomonidan 2022 yilni “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” deb e’lon qilinishi mahalla tizimidagi tashkilotlari jamoasiga ulkan mas’uliyat yuklaydi.

O‘tgan yil sarhisobi bo‘yicha, fond tizimida samarali mehnat qilgan Namangan shahri, To‘raqo‘rg‘on, Yangiqo‘rg‘on, Uychi va Namangan tumanlarining xodimlari tashakkurnoma hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA