Aholi bandligini ta’minlash borasida 2025 yilda katta maqsad qo‘yilgan. Ya’ni, 5 milliondan ziyod insonni daromadli qilish reja qilingan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 3 million 600 ming kishining bandligi banklar yordamida ta’minlanadi.
Ushbu maqsadda davlatimiz rahbari o‘ziga xos, umuman yangicha yondashuvni yo‘lga qo‘ydi. Joriy yilning 3 yanvarida davlatimiz rahbariga banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadli qilish chora-tadbirlari bo‘yicha axborot berildi.

Qayd etilishicha, 208 ta tuman va shaharlar hokimlari hamda banklar rahbarlari tomonidan aholi bandligini ta’minlash va daromadini oshirish bo‘yicha hamkorlik shartnomalari imzolandi. Har bir mahalla bo‘yicha maqsadli ko‘rsatkichlar belgilandi. Loyiha ishlab chiqish, kredit ajratish, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tuman banki rahbariga oyma-oy samaradorlik ko‘rsatkichi qo‘yildi. Endi Markaziy bank raisi va uning o‘rinbosarlari hududlarga chiqib, joylardagi bank filiallarining mahallalardagi ishini yangicha yondashuv asosida tashkil qiladi.
Demak, bu yil ham umummilliy harakat izchil davom ettiriladi. Odamlarni ishli va daromadli qilish siyosati yanada yuqori tezlikda, yanada samarador yechimlar orqali xalq orasiga chuqur kirib boradi. Tuman banklari filiallarida “mahallabay” ishlash bo‘limlar tashkil etilib, ularga mahalla bankirlari tayinlanadi. E’tibor bersangiz, bu yo‘nalishda yangi tizim paydo bo‘lyapti. “Mahalla bankirlari” va “Mahalla loyihasi”.

Xo‘sh, “Mahalla bankirlari” qanday tizim?
Mahalla bankirlari banklarning eng quyi bo‘g‘ini hisoblanadi. Ya’ni, mahalla darajasiga tushib, odamlarning daromadini oshiradigan tizim. Mahalla bankirlarining eng katta vazifasi mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, odamlarning g‘oyalarini, loyihalarga aylantirishdir. Mahalla bankirlari “xonadonbay” ishlab, har bir oilaga tayyor loyihalar yoki biznes rejalar taklif qiladi. Loyihaning barcha zanjirida – kredit olish, biznes ochish, mahsulot sotish jarayonlarida aholiga hamrohlik qiladi.
Sodda qilib aytganda, noldan daromadga kirgunicha o‘sha loyihani qo‘llab-quvvatlaydi. Mahalla agentlari bilan birgalikda shakllantirilgan ro‘yxat asosida odamlarni daromadli mehnatga band qilishga o‘z hissasini qo‘shadi. Buning uchun barcha moliyaviy instrumentlar mavjud.
Hududiy banklar hamda tuman hokimlari aholini tayyor biznes loyihalari bilan tanishtirib boradi, ularni amalga oshirish ko‘nikmalari o‘rgatiladi. “online-mahalla.uz”, “bank-kredit.uz” va “soliq.uz” axborot tizimlari integratsiya qilinib, mas’ullarga yuklatilgan vazifalar ijrosi kunlik tahlil qilib boriladi. Faoliyati qoniqarsiz bo‘lgan rahbarlarga chora ko‘riladi.

“Mahalla bankirlari” tizimi orqali 1 million 400 ming kishi doimiy ish bilan ta’minlanadi. Yana 2 million 100 ming aholini tadbirkorlikka jalb etish hisob-kitob qilingan. Bu borada o‘ziga xos moliyaviy instrumentlar ham joriy etilyapti. 1 milliard dollar yo‘naltirilayotgan “Mahalla loyihasi” dasturi ana shunday muhim moliyaviy instrumentlardan biri.
Dasturda oilaviy tadbirkorlik dasturlarida muvaffaqiyatga erishgan aholiga ko‘proq muddatga ko‘proq hajmda mablag‘ ajratiladi. Qolaversa, har bir mahallada kamida 10 ta xonadon uchun “Loyiha paketi” yetkazib beriladi.
Tahlillarga ko‘ra, ushbu paketlar orqali oilalar 60-70 million so‘mdan kam bo‘lmagan yillik daromadga ega bo‘ladi. Yana bir ma’lumot, “Mahalla loyihasi” dasturini Parkent tajribasi misolida aytish mumkin. Bu tajriba Osiyo taraqqiyot banki va Xalq banki hamkorligida amalga oshirilmoqda. Oldin oilaviy tadbirkorlik dasturlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan aholi bu dasturga jalb qilinadi va ularga ko‘proq miqdorda, ko‘proq muddatga kredit ajratilishi yo‘lga qo‘yiladi.
Bugungi kunda bir qator banklar tizimida mahalla bankirlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Xususan, “Biznesni rivojlantirish banki” Bosh ofisida alohida tarkibiy tuzilma, viloyat filiallarida tegishli bo‘limlar hamda tuman filiallarida sho‘’balar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bankka biriktirilgan 648 ta mahallada aholini tadbirkorlikka jalb etish maqsadida 227 ta mahalla bankiri va har bir mahalla uchun 648 ta mahalla yordamchi-agentlari jalb qilinmoqda.
Jumladan, bugungi kunda “Biznesni rivojlantirish banki” tomonidan 280 ming nafar aholini daromadli mehnat bilan ta’minlash, bunda 114 ming 685 nafar aholini doimiy ish bilan band qilish va 165 ming 315 nafar aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha faol ishlar olib borilmoqda. Bankka biriktirilgan 648 ta mahallada iqtisodiy faollikni oshirish, jumladan aholini tadbirkorlikka jalb etish, yangi imkoniyatlarni yaratish borasida ishlar tashkil etish maqsadida 227 ta mahalla bankiri va har bir mahalla uchun 648 ta mahalla yordamchi-agentlari jalb qilinmoqda. Ayni paytda mahalla bankirlari va yordamchi agentlar mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, odamlar bilan bevosita suhbatlar o‘tkazib, ularning g‘oyalarini loyihalarga aylantirmoqda.
Xususan, mahallaning biznes imkoniyatlarini o‘rganib, aholining biznes g‘oyalari asosida ularga tayyor loyihalar taqdim etilmoqda. Aholi bilan kredit olish, qaytarish, biznesni yo‘lga qo‘yish va mahsulotini sotish kabi masalalarda muloqotlar o‘tkazilib, ularning moliyaviy savodxonligini oshirishga ko‘maklashilmoqda. Shu bilan birga, bank tayyor bo‘lgan loyihalarni ishga tushirish va biznesni yo‘lga qo‘yish jarayonlarida ularning eng ishonchli va yaqin hamkoriga aylanmoqda.
Shu o‘rinda yana bir jihatga e’tibor qaratmoqchimiz. Joriy yilda har bir mahallada mikroloyihalar amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda. Ya’ni, jami 9 ming 453 ta mahallada umumiy hisobda 40 tadan loyiha, 378 mingdan ortiq mikroloyihalar amalga oshiriladi. Buning natijasida 757 mingdan ziyod aholi bandligi ta’minlanadi. Qolaversa, kichik va o‘rta biznes hamda kichik o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy yilda 120 trillion so‘m miqdorida kreditlar yo‘naltiriladi. Bu, yil davomida ajratiladigan kreditlarning 40 foizi shu sohaga yo‘naltiriladi, degani.
Bir so‘z bilan aytganda, 2025 yil bandlikni ta’minlash va kambag‘allikni kamaytirishda hal qiluvchi yil bo‘ladi. Bu borada davlatimiz rahbari tomonidan yangi tizim va juda katta miqdordagi moliyaviy resurslar ajratildi. Endi joylardagi mas’ullar ish tizimini va yondashuvlarni yangicha tashkil qilishi zarur.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA