Mahalla bankiri – aholiga maslakdoshi
Ma’lumki, hozirda banklarning tuman filiallarida “mahallabay” ishlash bo‘limlari tashkil etilib, ularga “mahalla bankirlari” tayinlandi. Shuningdek, har bir mahallada ular bilan birga ishlaydigan “yordamchi-agentlar” tanlab olinib, “mahallabay” ishlaydigan yangi tizim ishga tushirildi.
Mazkur jarayon Farg‘ona viloyatida ham uyushqoqlikda amalga oshirilib, hududlarda “mahalla bankiri” faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ushbu yangi iqtisodiy mexanizm aholi uchun ham, banklar uchun ham birdek manfaatli bo‘layotganini Farg‘ona tumani misolida ham o‘rish mumkin.
Bugungi kunda ushbu tumandagi 42 ta mahalla “Turonbank” ATBga biriktirilgan. Mazkur bank tomonidan 12 nafar mahalla bankiri hamda 42 nafar mahalla agentlari biriktirildi. Ular aholi manfaatlarini samarali qo‘llab-quvvatlash va mahallada iqtisodiy faollikni oshirish borasida salmoqli ishlar olib bormoqda.
Mahalla bankirlari tomonidan o‘tgan ikki oyda 312 nafar aholi vakili tadbirkorlikka jalb etildi.
Beruniy mahallasida yashash xonadonida noyob parrandalarni parvarishlab kelayotgan Abrorbek Abdurahmonovga mahalla bankiri Saidmurod Mo‘minovning yordami bilan 17 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Tadbirkor ushbu mablag‘ evaziga qo‘shimcha ravishda asalari parvarishlashni ham yo‘lga qo‘ydi.
– Avvalo, Prezidentimizga rahmat aytmoqchiman, - deydi Abrorbek Abdurahmonov. – Bugun bankirlarni mahallaning o‘ziga olib kelib qo‘ydi. Bu – aholi uchun katta imkoniyat aslida. Ular har bir xonadonga kirib, odamlar bilan suhbatlashyapti. Bu tizimdan odamlar mamnun bo‘lmoqda. Kimdir tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagida bo‘lsa, hozir buning uchun barcha imkoniyatlar bor.
Shu mahallada yashovchi avtomashina ustasi Zaylobiddin Bahromovga ham mahalla bankiri taklifi bilan zamonaviy dastgohlar hamda qo‘shimcha daromad – qoramol boqish uchun 50 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari ajratildi.
Ma’lumot o‘rnida. Ayni paytda Farg‘ona viloyatida jami 307 nafar mahalla bankiri faoliyat olib bormoqda.
Suratlarda:
[gallery-22745]
O‘zA fotomuxbiri
Muqimjon QODIROV olgan suratlar.