Mağrur hilpiragin, Özbekiston bayroği!
Baʼzi tuyğularni söz bilan ifodalaş oson emas. Vatanga muhabbat, milliy ğurur va davlat ramzlariga hurmat ana şunday tuyğular sirasiga kiradi. Özbekiston Respublikasi Davlat bayroği ham har bir yurtdoşimiz uçun mustaqillik, milliy birlik va Vatan qadrini mujassam etgan muqaddas timsoldir.
Özbekiston Respublikasida xizmat körsatgan madaniyat xodimi, «Mehnat şuhrati» va «Döstlik» ordenlari sohibi, «Maʼrifat» tarğibotçilar jamiyati aʼzosi, şoira Zulfiya Möminova davlat bayroğining maʼnaviy ahamiyati haqida öz fikr-mulohazalarini bildirdi:

— Davlat ramzlari har bir xalqning mustaqilligi, ozodligi, tinçligi va barqarorligi timsoli hisoblanadi. Davlatçiligimiz tarixining qaysi davriga nazar taşlamaylik, bayroq ajdodlarimiz uçun ozodlik, kuç-qudrat, jasorat va ğalaba ramzi bölib kelgan.
«Özbekiston Respublikasining Davlat bayroği töğrisida»gi qonun 1991-yil 18-noyabrda Özbekiston Respublikasi Oliy Kengaşining navbatdan taşqari ötkazilgan VII sessiyasida qabul qilingan. 1992-yil 2-mart kuni esa mamlakatimiz Birlaşgan Millatlar Taşkilotiga aʼzo bölişi munosabati bilan milliy bayroğimiz BMT Boş qarorgohi oldida kötarildi.
Bayroğimizga boqqanimda, avvalo, köz oldimga Vatan keladi. Onam, tuğilib ösgan tuproğim, keng dalalarimiz, dasturxonimizdagi non, bolaligim va şu yurt bilan boğliq aziz xotiralarim yodimga tuşadi. Şuning uçun ham Özbekiston bayroği men uçun oddiy davlat ramzi emas, balki qalbimga yaqin, qadrli timsoldir.
Bayroq har birimizning qalbimizdan joy olgan muqaddas ramz. Inson öz Vatanini qançalik sevsa, uning bayroğini ham şunçalik ardoqlaydi. Unga qaraganimda qalbimda faxr va hayajon uyğonadi.
Vatan bayroğining ortida katta tarix, ajdodlarimizning orzu-intilişlari va jasorati mujassam. Unga boqqanimda sarbadorlar jasorati, jadidlar orzu qilgan ozodlik, yurtimiz mustaqilligini körişni istagan ajdodlarimizni eslayman. Ularning köpçiligi bugungi mustaqillik davrini körişni orzu qilgan, ammo bu baxt hammaga ham nasib etmagan. Şu bois bugungi tinç va ozod hayotimizning qadriga yetişimiz kerak.
Bayroğimizning Birlaşgan Millatlar Taşkiloti Boş qarorgohi oldida hilpirab turganini köriş har birimizga alohida faxr bağişlaydi. Bu — Özbekistonning xalqaro hamjamiyatda öz örni, öz ovozi va mustaqil siyosati borligining ifodasi. Qayerda bayroğimiz kötarilmasin, uning ortida butun bir xalqning orzu-intilişlari, ğururi va şaʼni turganini his etamiz.
Bayroğimiz bizga onamizning mehrini, ona tuproğimizni, non va keng dalalarimizni eslatadi. Çunki Vatan muhabbati, avvalo, ana şu oddiy, ammo biz uçun bebaho qadriyatlardan boşlanadi. Onamning mehri, bolaligim ötgan maskanlar, yurtimning mehnatkaş insonlari — bularning barçasi men uçun Özbekiston degan muqaddas tuşunça bilan boğliq.
Bayroqqa hurmat faqat bayramlarda uni kötariş yoki uning oldida ehtirom körsatiş bilangina çeklanmasligi kerak. Eng muhimi, unga munosib bölişdir. Har birimiz öz işimizga masʼuliyat bilan yondaşsak, yurtimiz ravnaqiga munosib hissa qöşsak, davlatimiz ramzlariga bölgan hurmatimizni amalda namoyon etgan bölamiz.
Yoşlarimiz ham bayroğimizni sevişlarini, uning tarixi va maʼnosini çuqur bilişlarini, u bilan faxrlanişlarini istayman. Zero, bu bayroq bugungi avlodning ham, kelajak avlodlarning ham mustaqillik va Vatan ramzidir.
Özbekiston Respublikasi Davlat bayroği qabul qilingan kun munosabati bilan mamlakatimizning turli hududlarida maʼnaviy-maʼrifiy va madaniy tadbirlar taşkil etildi.
Jumladan, Namangan viloyati Kosonsoy tumanida davlat bayroği qabul qilinganining 35 yilligi «Millat bayroği!» şiori ostida nişonlandi. Tadbir avvalida Mudofaaga kömaklaşuvçi «Vatanparvar» taşkiloti va Milliy gvardiya iştirokida avtokarvon taşkil etildi. Unda keng jamoatçilik vakillari ham iştirok etib, davlat bayroği bilan tuman markaziy köçasi böylab tantanali yurişda qatnaşdi.
Tuman markazidagi ulkan bayroq oldida ötkazilgan tadbirda mehnat faxriylari va jamoatçilik vakillari sözga çiqib, davlat bayroğining mamlakatimiz mustaqilligi va milliy birligini ifodalaşdagi ahamiyatini taʼkidladi. Vatanni madh etuvçi qöşiqlar tadbirga kötarinki ruh bağişladi.
Sirdaryo viloyati Oqoltin tumanidagi Ahillik mahallasi hududida joylaşgan 18-umumtaʼlim maktabida ham «BMTda hilpiraydi Özbekiston bayroği» şiori ostida bayram tadbiri ötkazildi. Unda faxriy ustozlar, nuroniylar, öqituvçilar va öquvçilar iştirok etdi. Yoşlar tomonidan davlat bayroğini madh etuvçi şeʼr va qöşiqlar ijro qilindi.
Farğona viloyati Farğona tumanidagi “Uluğbek” mahalla fuqarolar yiğini hududida joylaşgan 40-davlat maktabgaça taʼlim taşkilotida «Nuroniy» jamğarmasi tuman bölimi va mahalla hamkorligida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir taşkil etildi. Unda «Nuroniylar maslahat kengaşi» faollari iştirok etib, tarbiyalanuvçilarga davlat bayroğining tarixi va ramziy ahamiyati haqida tuşunçalar berdi.
Bunday tadbirlar yoş avlod qalbida Vatanga muhabbat, milliy ğurur va davlat ramzlariga hurmat tuyğularini mustahkamlaşga xizmat qiladi.
Vatanim bayroği
Jonimning jonida yuksalgan bayroq,
Yuragim yonida yuksalgan bayroq.
Öpsam, yelkam uzra qanotlar paydo,
Mehr ummonimda yuksalgan bayroq.
Özbekiston bayroği, Özbekiston bayroği.
Haqli haqqoyiqlar öparlar seni,
Öpişga loyiqlar öparlar seni.
Yerda malikalar öparlar seni,
Kökda maloyiklar öparlar seni.
Özbekiston bayroği, Özbekiston bayroği.
Sarbadorlar şonida yuksalgan bayroq,
Jadidlar armonida yuksalgan bayroq.
Tirik kömilganlar kutgan bayroğim,
Alvasti köpriklardan ötgan bayroğim.
Özbekiston bayroği, Özbekiston bayroği.
BMT peştoğida yuksalgan bayroq,
Özbekiston boğida yuksalgan bayroq.
Közlar çamoğida yuksalgan bayroq,
Mehr ardoğida yuksalgan bayroq.
Özbekiston bayroği, Özbekiston bayroği.
Öpsam, onam hidi keladi sendan,
Nonu dalam hidi keladi sendan.
Vijdon çaqiriği keladi sendan,
Zafar çaqiriği keladi sendan.
Özbekiston bayroği, Özbekiston bayroği.
Ey, ramzi saltanat, ey, ramzi qudrat,
Ey, ramzi sadoqat, ey, ramzi davlat.
Seni közga surtsam, közimga quvvat,
Mağrur hilpiragin abadul-abad,
Özbekiston bayroği, Özbekiston bayroği.
Barçamizning qalbimizda bir ezgu tilak bor: bayroğimiz doimo tinç osmonimizda mağrur hilpirab tursin! Yurtimiz tinç, xalqimiz omon, osmonimiz musaffo, farzandlarimiz baxtli bölsin!
Mağrur hilpiragin, Özbekiston bayroği!
ÖzA muxbiri
N.Usmonova yozib oldi.