Maftunkor tog‘ qo‘ynida istiqlol tarannum etildi
Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!
O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda o‘tkazilayotgan umummilliy birdamlik festivali Surxondaryo viloyatida ham bo‘lib o‘tdi.
“Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” shiori ostida tashkil etilayotgan festival Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda qator vazirlik va tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilmoqda.

Boysun tumanida eng ulug‘, eng aziz bayramimizning 34 yilligiga bag‘ishlangan tadbir osmono‘par tog‘lar qo‘ynidagi “Xo‘jamayxona” ziyoratgohida tashkil etildi.

Festivalda istiqlol sharofati bilan mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti tub o‘zgarish va yangilanishlarga yuz tutgani alohida ta’kidlandi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi va chorvachilik bilan shug‘ullangan tog‘li Boysun tumani aholisi ham bu o‘zgarishlarni chuqur his etayotgani qayd etildi. Bu jarayonda chekka tumanning yer osti va yer usti boyliklaridan samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilib, odamlarning turmush darajasini oshirishga qaratilayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi. Aholi tuman markazidan 45 chaqirim olisdagi “Xo‘jamayxona” shifobaxsh buloq suvi bilan ta’minlangani, keng, ravon yo‘llar barpo etilayotgani, zamonaviy xizmatlar ko‘rsatish rivojlanayotgani, xorijlik sayyohlarning tumanga qiziqish va intilishi ortib borayotgani, milliy qadriyat va urf-odatlar qayta bo‘y ko‘rsatayotgani va maftunkor hududda yuz berayotgan boshqa yangilanishlar ham mustaqillik sharofati ekani hususida fikr almashildi.


Festival istiqlol, ozod va obod Vatan, osuda hayot sharaflangan qiziqarli mushoirayu sahna asarlaridan parchalar hamda birdamlik, sadoqat, mehr-muhabbat, farovon turmush va milliy qadriyatlar ulug‘langan kuy-qo‘shiqlar bilan yakunlandi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA muxbiri