O‘zbekiston Respublikasi 1991 yil 31 avgust kuni o‘z davlat mustaqiligini qo‘lga kiritgach birin-ketin o‘zining davlat ramzlarini qabul qila boshladi.
Jumladan, davlatimizning bayrog‘i, gerbi va madhiyasi to‘g‘risidagi qonunlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining sessiyalarida qabul qilindi.
Davlat ramzilaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining Davlat Madhiyasi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonuni 1992 yil
9 dekabr kuni qabul qilindi.
Mazkur qonun 12 ta moddadan iborat bo‘lib, qonunning 1-moddasida madxiyaning matni va musiqiy tahriri tasdiqlanishi bayon etilgan.
Qonunning 2-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi O‘zbekiston Respublikasi davlat suverenitetining ramzi ekanligi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasiga zo‘r ehtirom bilan qarash O‘zbekiston Respublikasining har bir fuqarosining vatanparvarlik burchi ekanligi to‘g‘risidagi huquqiy meyyor o‘z aksini topgan.
Qonunning 7-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi ko‘pchilik xuzurida ijro etilgan taqdirda xozir bo‘lgan kishilar madhiyani tik turib, o‘ng qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib tinglashlari to‘g‘risidagi qoida mustaxkamlangan bo‘lsa, qonunning 8-moddasida Davlat madhiyasi harbiy qism va qo‘shilmalarda ijro etilgan holda harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Saf nizomi talablariga muvofiq harbiycha salom berish holatida bo‘lishlari bayon qilingan. O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Ichki xizmat nizomi 50-bandida Davlat madhiyasi ijro etilayotgan paytda safda turgan askarlar komanda berilmasdan qad rostlagan holga o‘tishlari, vzvod komandiri va undan yuqori bo‘lganlar bundan tashqari qo‘llarini bosh kiyimlariga qadab harbiycha salom berish holatiga o‘tishlari, safdan tashqarida bo‘lgan harbiy xizmatchi esa safona qadroslash holatiga kirishi, agarda bosh kiyimi bo‘lsa qo‘lini bosh kiyimiga qadashi ko‘rsatib o‘tilgan.
Mana, 1992 yil 10 dekabr kunidan buyon Davlat madhiyamiz jaranglaganda, (umumxalq bayramlarida, harbiy xizmatchilarning Vatanga qasamyod qabul qilish hamda yangi o‘quv mavzumi boshlanishi yoki o‘quv mavsumining yakunlash jarayonida) uni tik turib eshitamiz va albatta qo‘shilishib jo‘r bo‘lib milliy madhiyamizni kuylaymiz.
Madhiyamiz turli munosabatlar bilan chet ellarda yangraganda, biz uni boshqa davlatlar madhiyalari bilan qiyoslash imkoniga ham ega bo‘lamiz. Har kimniki o‘ziga, oq ko‘rinar ko‘ziga degan maqol bekorga aytilmagan. Lekin bu maqolni madhiyamizga nisbatan qo‘llash to‘g‘ri emas. Chunki, Mutal Burxonov madhiya janirining dunyodagi bir mukammal namunasini yaratgan. U har qanday O‘zbekistonlikning ruxini ko‘tarib, qalbini jo‘sh urdiradi, faxr tuyg‘usini kuchaytirib yuboradi.
Madhiya matnini O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tomonidan yozilgan.
Mo‘jazgina bu madhiya matni nixoyatda puxta, pishiq, bir so‘z kam yoki ortiqcha ham emas.
Matn o‘zi bor-yo‘g‘i to‘rt bandan iborat bo‘lib, naqorat ikki bor ketganini hisobga olsak, jami o‘n ikki satrda bor gap aytilgan.
So‘z uncha ko‘p emas: to bilan toki ni qo‘shib hisoblaganda – 63 ta.
Matnning birov sezib-sezmaydigan ko‘p badiy siri bor. Bular so‘zlarning marjondek terilgani, yod olish osonligi, talaffuzga qo‘layligida ko‘rinadi.
Lekin bunga asos bo‘lgan eng muhim xususiyat shuki, shoir faqat qisqa-qisqa so‘zlar ishlatadi. O‘zbekiston so‘zidan boshqa, xatto, bironta to‘rt bo‘g‘inli kalima ham yo‘q.
Shoir madhiya matnida quyidagi g‘oyalarni ilgari surgan.
Birinchidan, bizning mustaqil O‘zbekistonimizga ta’rif berar ekan, uni jon O‘zbekiston, serquyosh xur o‘lkam, ona yurt va olamni maxliyo aylagan diyor tarzida turli-turli ifodalar bilan madh etgan.
Vatanning serquyoshligi, xurligi, unda to abad ilmu – fan, ijod yashnashi, shuxrati jaxon turguncha parlashi, elga baxt, najod, do‘stlarga yo‘ldosh, mehribon, istiqlol mash’ali, tinchlik posboni, xalqsevar ekanligi bayon etilgan.
Ikkinchidan, xalqqa ta’rif berar ekan, u el, xalq, o‘zbek degan so‘zlar bilan tilga olingan.
Uchinchidan, shoir istiqlolga ham ta’rif bergan. Naqoratning uchinchi misrasida jaranglagan: Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon, - (istiqlol mash’ali, tinchlik posboni) so‘zlarining ma’no-mohiyatida istiqlol sharofatini ulug‘lash yotganini sezish qiyin emas.
To‘rtinchidan, madhiyada abadiylik ruxi kuchli singdirilgan. Yashnagay to abad ilmu-fan, ijod, ajdodlar mardona ruxi senga yor, erkin yosh avlodlar senga zo‘r qanot hamda Xalqsevar ona yurt mangu bo‘l obod misralari bevosita shunga xizmat qildirilgan.
Bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, milliy madhiyamiz O‘zbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan barcha fuqarolarda yuksak ma’naviy va axloqiy fazilatlarni tarbiyalash, faol hayotiy pozitsiya hamda vatanparvarlik, mamlakat taqdiri uchun mas’uliyat hissi bilan yashash, yurtimiz mustaqilligi va xavfsizligini mustahkamlash tuyg‘usini yanada kuchaytirish bilan bir qatorda, ularni har doim vatanimizni sevib, istiqlolimizni o‘z vaqtida qadriga yetib, mustaqil yangi O‘zbekistonda yashayotganidan fahrlanish tuyg‘usini yanada kuchaytiradi.
Polkovnik Q.A.Azizov
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti
Xizmat faoliyatini tarbiyaviy-psixologik
ta’minlash kafedrasi katta o‘qituvchisi