Madhiyamiz – faxrimiz
Navoiy garnizonidagi harbiy qismda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kun munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Bugun davlatimiz madhiyasi qabul qilinganligiga 33 yil bo‘ldi. 33 yildirki madhiyamiz har tong yangraydi. Farzandlarimiz har tong madhiyamiz sadolari ostida maktabga qadam qo‘yadi.



– Davlatimiz madhiyasi barchamizni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalaydigan, o‘tmishimiz va kelajagimizga chuqur hurmatni shakllantiradigan vosita sanaladi. Uning har bir satrida xalqimizning ezgu orzu-umidlari, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchligimiz va o‘zaro birdamligimiz o‘z ifodasini topgan. Albatta, madhiyamiz yangraganda har bir yurtdoshimiz qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi yanada jo‘sh uradi. Shu aziz va muqaddas yurtni har tomonlama himoyalash, uning gullab-yashnashi uchun bor imkoniyatlarimizni ishga solib mehnat qilishimiz lozimligini teranroq his qila boshlaymiz. Madhiyamiz har birimizni yangi marralar sari yetaklaydi va kuch-quvvat bag‘ishlab, yanada ruhlantiradi, – deydi harbiy qism komandirining o‘rinbosari, podpolkovnik Bekzod O‘rozov.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri.