O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi mamlakatimiz suverenitetining ramzlaridan biridir. 1992 yil 10 dekabrda «O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida»gi qonuni qabul qilingan.
Qonunda madhiyamizga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir, deb belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 32 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tadbir avvalida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi yangrab, yig‘ilganlar tomonidan jo‘r ovozlikda kuylandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston xalq shoiri, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Jamoatchilik kengashi raisi Iqbol Mirzo, O‘zbekiston Kompozitorlari va bastakorlari uyushmasi raisi o‘rinbosari Habibullo Rahimov, Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Farog‘at Xudoyqulova davlat ramzlari, xususan, madhiyamizning yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasidagi ahamiyati haqida batafsil so‘zladi.

So‘zga chiqqanlar davlat ramzlari ham vatanparvarlik fazilatini shakllantiruvchi, shu aziz yurtimizni jonu dildan sevishga undovchi muhim vosita ekanini e’tirof etdi. Davlat ramzlariga hurmat ko‘rsatish, O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasining qabul qilinishiga oid qimmatli ma’lumotlar berildi.

Mazkur tadbirning maqsadi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirish, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida madhiyamiz muhim tarbiyaviy vosita ekanini targ‘ib etishdan iborat.
N.Usmonova,
O‘zA