“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ tomonidan Markaziy kon boshqarmasi tashkil etilganligining 60 yilligi munosabati bilan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Muruntov koni va 7-gidrometallurgiya zavodiga press-tur hamda matbuot anjumani tashkil etildi.
Bugungi kunda Markaziy kon boshqarmasida 21 ming nafardan ziyod ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Keyingi yillarda yangi gidrometallurgiya zavodlarini qurish, yangi konlarni o‘zlashtirish, amaldagi kon va zavodlarning quvvatlarini oshirish bo‘yicha yirik investitsion loyihalarning amalga oshirilishi kon boshqarmasida ishlab chiqarish sur’atini oshirishga xizmat qilmoqda.
So‘nggi yetti yilda investitsion loyihalar asosida 5- va 7-gidrometallurgiya zavodlari, 2-gidrometallurgiya zavodi ikkinchi navbati ishga tushirilishi, “Muruntov”, “Auminzo-Amantoy”, “Balpantov”, “Tomdibuloq”, “Turbay” konlarida olib borilgan ishlar kombinatning yangi imkoniyat va istiqbolini belgilab berdi.
Buning natijasida Markaziy kon boshqarmasida tog‘ jinsini qazib olish 2017 yilda 75,7 million kubometrni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 166,1 million kubometrga teng bo‘ldi. Shuningdek, ma’danni qayta ishlash bo‘yicha ham katta natijalarga erishildi. Xususan, 2-GMZning Oltinni uyumda ishqorlash sexida 2017 yilda 62 million tonna ma’dan qayta ishlangan bo‘lsa, investitsion loyihalar asosida 5- va 7-GMZ, 2-GMZ ikkinchi navbati ishga tushirilishi hisobiga 2023 yilda bu ko‘rsatkich 99,3 million tonnaga yetkazildi.
Press-tur davomida OAV vakillari va jurnalistlar jahonga mashhur "Muruntov" oltin konida bo‘lib, qazish jarayoni, konni o‘zlashtirishning 5-navbati doirasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
– “Muruntov” koni geologlar tomonidan eng yirik oltin resurslariga ega kon sifatida e’tirof etilib, uning resurslari 4,5 ming tonnadan ortiq baholangan, – deydi bosh muhandis o‘rinbosari Hamid Sayfullayev. – Bu kon oltin tarkibli ma’danni qazib olish bo‘yicha dunyodagi eng yirik konlardan biri hisoblanadi. Ayni vaqtda konning uzunligi 5,5 kilometr, kengligi 3,4 kilometr, o‘rtacha chuqurligi 650 metrni tashkil etadi. Keyingi yillarda konni o‘zlashtirishning 5-navbati bo‘yicha amalga oshirilayotgan investitsion loyiha doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Xususan, “Komatsu”, “Caterpillar”, “Hitachi”, “Libherr” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar tomonidan ishlab chiqarilgan og‘ir yuk ko‘taruvchi avtoag‘dargichlar, gidravlik ekskavatorlar va boshqa kon texnikalari olib kelinib, konda ish unumdorligini oshirish, sarf-xarajatlarni qisqartirish imkonini bermoqda.
[gallery-17649]
Bugungi kunda “Muruntov”da vazni rusumiga qarab qariyb 400 tonnagacha bo‘lgan 136 tonnadan 240 tonnagacha yuk ko‘tarish imkoniyatiga ega 105 ga yaqin “BelAz”, “KAT” va “Komatsu” rusumli avtosamosvallar ishlamoqda.
– 2006 yildan buyon shu yerda ishlayman. Bu bahaybat mashinalar ham xuddi yengil avtomashinalar singari boshqariladi, – deydi haydovchi Mansur Ramazonov. – Avtoag‘dargichda barcha sharoitlar mavjud. Yozda ichida sovitkichlari ishlaydi. Xohlagan darajaga qo‘yish mumkin. 12 soatlik smenada tepada ishlasa 500 litr, chuqurda ishlasa 2800 litrgacha yoqilg‘i sarflaydi. Oldida 10 ta, motor bilan qo‘shib hisoblasak jami 21 ta chirog‘i bor. Yonilg‘i baki 4500 litr sig‘imga ega. 240 tonnagacha yuk ko‘taradi.
Davlatimiz rahbari tomonidan tasdiqlangan kombinatni 2026 yilgacha rivojlantirish dasturi doirasida qiymati 247,6 million dollar bo‘lgan “Oltinni uyumda ishqorlash sexida texnogen chiqindilarni qayta ishlash majmuasini qurish (7-GMZ)” loyihasi muhim loyihalardan biridir. 2020 yilda korxonani ishga tushirish davomida 3,3 million tonnadan ortiq texnogen chiqindilar qayta ishlanib, tayyor mahsulot olingan bo‘lsa, 2023 yilda yillik ishlab chiqarish quvvati qariyb 15,9 million tonnaga yetkazildi. Joriy yil yakuniga qadar esa ma’danni qayta ishlashni 16 million tonnaga yetkazish ustida ish olib borilmoqda.
– 7-gidrometallurgiya zavodida qo‘llanilayotgan texnologiyalar evaziga qayta ishlangan ma’danni yana qayta ishlab, mahsulot olish imkoniyati mavjud, – deydi zavod direktori vazifasini vaqtincha bajaruvchi Jasur Abdullayev. – Korxonada texnogen chiqindilardan mahsulot olinishi ekologik jihatdan barcha talablarga to‘la javob beradi. Eng muhimi, qayta ishlash jarayonida faqatgina mahalliy kimyoviy mahsulotlar ishlatiladi. Bu esa ichki bozorning o‘sishiga olib keladi, mahsulot tannarxini arzonlashtiradi. Eng muhimi zavod qurilishida qo‘llanilgan asosiy texnologik uskunalar, turli dastgohlar chet eldan sotib olinmadi. Navoiy mashinasozlik zavodida ishlab chiqarilgan texnologiyalardan foydalanildi. Natijada 56 million dollarga yaqin mablag‘ tejaldi. Asosiysi, hozirgi kunda 840 nafar ishchi-xodim mehnat qilayotgan bo‘lsa, ularning aksariyatini yosh kadrlar tashkil etadi.
Zavodda tashkil etilgan matbuot anjumanida Markaziy kon boshqarmasi tarkibidagi Tashqi suv ta’minoti birlashgan energoxizmati, 2-GMZ faoliyati haqida ham ma’lumot berildi. Jurnalistlarni qiziqtirgan savollariga atroflicha javob berildi.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari