O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida madaniyat va turizm sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2023 yil 27 iyuldagi PF-114-son Farmoni hamda “Nomoddiy madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy o‘rganish va targ‘ib qilishni rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2023 yil 25 dekabrdagi PQ-405-son qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti etib kqyta tashkil etilgan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 25 dekabrdagi PQ-405-son qarori bilan Institutning asosiy vazifalari tasdiqlangan edi.
Mazkur qarorga muvofiq, Institut direktori O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi. Direktor o‘rinbosarlari Institut direktorining tavsiyasiga asosan O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod qilinadi.
Institut Madaniyat vazirligi huzuridagi Respublika madaniyat muassasalari faoliyatini tashkil etish ilmiy-metodik markazining huquq va majburiyatlari, shuningdek, tuzilgan shartnomalari bo‘yicha huquqiy vorisi hisoblanadi.
Institut tizimida uning ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi tarkibiy bo‘linmalarida ilg‘or ilmiy-tadqiqot va qidiruv ishlarini o‘tkazish uchun yangi, zamonaviy yuqori texnologik jihozlar bilan jihozlangan hamda yuridik shaxs bo‘lmagan Etnofolklor laboratoriyasi tashkil etiladi.
Etnofolklor laboratoriyasi xodimlari zimmasiga quyidagi vazifalar yuklanadi:
yo‘qolib ketgan noyob nomoddiy madaniy meros namunalari va ular bilan bog‘liq bo‘lgan asbob-anjomlar, artefaktlar, madaniy makonlarni qayta tiklash;
nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarda to‘plangan materiallarni texnologiyalar o‘zgarishiga mutanosib ravishda zamonaviy formatga o‘tkazib borish hamda audiovizuallashtirish;
nomoddiy madaniy meros namunalarining davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib borishi va kelajakdagi holatini modellashtirish;
fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va bajarish, madaniyat va san’at sohasidagi innovatsion loyihalarni amalga oshirish, nomoddiy madaniy merosning noyob elementlarini tadqiq etish va hujjatlashtirish;
nomoddiy madaniy merosni har tomonlama muhofaza qilish, keng jamoatchilikni jalb etgan holda, uning namunalarini aniqlash, ro‘yxatlarga kiritish va raqamlashtirish;
nomoddiy madaniy merosning noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan namunalarini saqlab qolish hamda targ‘ib etish bo‘yicha ijobiy ilmiy-amaliy yechimlar asosida materiallarni raqamlashtirish;
nomoddiy madaniy merosning barcha yo‘nalishlari bo‘yicha grantlar ajratilishini ta’minlash, ilmiy-tadqiqot ishlarini kuchaytirish, tadqiqot ishlariga yosh olimlarni jalb etish;
YUNESKO, Xalqaro tovush va audiovizual arxivlar assotsiatsiyasi hamda boshqa xalqaro va xorijiy tashkilotlar ekspertlarini jalb etgan holda, arxivda materiallarni ishonchli raqamlashtirish masalasini ilmiy-amaliy jihatdan o‘rganish.
2024 yil yakuniga kadar:
Institut xalqaro talablarga javob beradigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, shuningdek, mebel va boshqa texnik vositalar bilan jihozlanishi;
yuqori malakali va tashabbuskor kadrlar bilan to‘ldirilishi;
nomoddiy madaniy meros namunalarining davrlar o‘tishi bilan o‘zgarib borishi va kelajakdagi holati modellashtirilishi;
nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi materiallar, axborot tashuvchi vositalar, etnofolklor ekspeditsiyalarda to‘plangan materiallarni texnologiyalar o‘zgarishiga mutanosib ravishda zamonaviy formatga o‘tkazib borish hamda audiovizuallashtirish ishlari yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA