Madaniyatlar muloqoti
Toshkent Fotosuratlar uyida “Art-karvon: madaniyatlar muloqoti” deb nomlangan ko‘rgazma tashkil etildi.
Xalqaro tasviriy va amaliy san’at festivali doirasidagi ushbu ko‘rgazma ijodiy bahslar va tarixiy umumiylik, milliy an’analarning rang-barangligiga asoslangani bilan ahamiyatli.
Loyiha O‘zbekiston va Rossiya hududlari o‘rtasidagi o‘zaro aloqalarni jonli ijodiy jarayon sifatida ko‘rib chiqishga asoslangan. Ko‘rgazma O‘zbekiston va Rossiya hududlaridagi rang-baranglikni his etish, ularning tarixi va madaniyatidan bahramand bo‘lish imkonini beradi.
Mazkur loyiha bejizga “Art-karvon” degan jumlalar bilan boshlanmaydi. Zero, san’at doim xalqlarni o‘zaro yaqinlashtirish, do‘stlik va hamjihatlikni ta’minlashda ulkan ma’naviy karvon vazifasini o‘tab kelgan.
[gallery-28894]
“Art-karvon” asosan tasviriy san’at yo‘nalishida faoliyat yuritadigan ijodiy guruh va birlashma hisoblanadi. Birlashma rassomlar, haykaltaroshlar va xalq amaliy san’ati ustalarini o‘z atrofida jamlagan. Uning asosiy maqsadi milliy san’atni targ‘ib qilish, mahorat darslari va ijodiy safarlar tashkil etish.
Mazkur ijodiy guruh tez-tez O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va uning Toshkent viloyati bo‘limi bilan hamkorlikda tadbirlar o‘tkazadi. Rassomlarning tabiat qo‘ynida ijod qilishini tashkil etishga katta e’tibor qaratadi. Jumladan, 2026-yil aprel oyida Toshkent viloyatida bahorgi plener tashkil etilgan.
Birlashma a’zolarining ijodiy ishlari respublika va xalqaro miqyosda namoyish etiladi. Xususan, “Art-karvon. O‘zbekiston-Rossiya” kabi xalqaro ko‘rgazma loyihalari mavjud bo‘lib, ularda ikki mamlakat rassomlarining asarlari namoyish etiladi.
“Art-karvon: madaniyatlar muloqoti” nomli ko‘rgazmada ikki mamlakat mo‘yqalam sohiblarining ona tabiat, hayot va borliq haqidagi tasavvurlari aks ettirilgan asarlariga keng o‘rin berilgan.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA