Madaniyat vazirligi yangi binoda ish boshladi
Endi Madaniyat vazirligi yangi binoda – «Turkiston» san’at saroyida o‘z faoliyatini olib boradi.
Vazirlik yangi binoda ilk tadbirini o‘tkazdi.
Musiqiy kecha «Turkiston» san’at saroyining yozgi amfiteatrida ochiq osmon ostida tashkil etildi. Unga tashrif buyuruvchilar ixtiyoriy, biletlar tekin bo‘ldi.
Gala-konsertda madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov so‘zga chiqdi.
– «Turkiston» san’at saroyining yozgi amfiteatri bir kun ham bo‘sh qolmaydi va siz yoshlarga xizmat qiladi, – deydi vazir.– Biz sizlar bilan turli badiiy kechalar, madaniy ko‘ngilochar tadbirlar, katta-katta konsert dasturlari tashkil etamiz. Vatandoshlarimizning vaqtini unumli va mazmunli o‘tkazish uchun bor imkoniyatimizni ishga solamiz. Bu saroy har lahza, har on kuy-qo‘shiq, raqslaru kulgiga to‘lsin. Yuraklar taftini oshiraylik, zero, quvonchga to‘lgan qalblar orqali ulkan marralarni zabt etish mumkin.
Shu vaqtgacha vazirlik poytaxtimizdagi 2017 yilgacha Tashqi savdo vazirligiga tegishli bo‘lgan tarixiy binoda faoliyat ko‘rsatgan.
D. Mamatova,
O‘zA