Madaniyat vaziri eshituviga tayyorgarlik ko‘rilmoqda
Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi 2022 yil ish rejasiga asosan madaniyat vazirining madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish borasida olib borilgan ishlar yuzasidan axborotini eshitish belgilangan.
Shu maqsadda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi B.Sayfullayev boshchiligida senatorlar, mutasaddi vazirlik va idoralar vakillari hamda Yoshlar parlamenti a’zolaridan iborat ishchi guruhi Xorazm viloyatida bo‘lib turibdi. Ishchi guruh hududda madaniyat va san’at sohasida amalga oshirilgan ishlarni o‘rganmoqda.

O‘rganish ishlari viloyatning chekka Shovot va Gurlan tumanlaridan boshlandi. Guruh a’zolari tomonidan Prezidentimizning “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalar ijrosi tahlil etilmoqda.
Shuningdek, teatrlar, madaniyat markazlari, madaniyat va istirohat bog‘lari, bolalar musiqa va san’at maktablari hamda ko‘zi ojizlar kutubxonalari faoliyati, beshta muhim tashabbusning amaliyotga joriy etilishi, sirk va dorbozlik san’ati va folklor, ko‘g‘irchoq teatrlari kabi havaskorlik san’atini qo‘llab-quvvatlash, rivojlantirish borasidagi ishlarga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘rganishlar natijalari senatorlar, ekspertlar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokama etilib, madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish borasida olib borilgan ishlar yuzasidan madaniyat vazirining axboroti eshitiladi.

M.Komilova, O‘zA