Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 15 aprel – O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va san’at xodimlari kuni munosabati bilan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Amanbay Orinbayev, Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti (TURKSOY) Bosh kotibi Sultanbay Rayev soha xodimlarini kasb bayrami bilan muborakbod etib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimizda madaniyat va san’at sohasini qo‘llab-quvvatlash, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlarni rag‘batlantirishga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan yaqinda Nukus shahrida o‘tkazilgan birinchi xalqaro Orol madaniyati sammiti hududda madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish va dunyoga keng targ‘ib qilish orqali ekologik muammolarga yechim topish, jahonning madaniyat va san’at namoyandalarini yagona maqsad yo‘lida birlashtirishdek ezgu tashabbuslarni o‘zida mujassam etgan tarixiy voqealardan biri bo‘ldi.
Darhaqiqat, azaldan badiiy san’at va madaniyat insonlarni doimo ezgulikka, xayrli ishlarga yetaklab kelgan. Zero, jamiyat va millatning rivojlanishida, aholining ma’naviy olamini boyitishda, ayniqsa, yurtimizni dunyoga tanitishda san’at va madaniyatning o‘rnini hech narsa bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Shuning uchun ham, bu soha doimo davlatimiz rahbarining alohida e’tiborida bo‘lib kelmoqda.
Buning natijasida madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish hamda moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, soha fidoyilarining mashaqqatli mehnatini munosib rag‘batlantirish borasidagi chora-tadbirlar yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
Jumladan, 27 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan O‘zbekiston davlat konservatoriyasi Nukus filialining 300 o‘rinli yangi o‘quv binosi qurib bitkazildi. Shuningdek, joriy yilda 15 milliard so‘mlik mablag‘ hisobidan To‘rtko‘l tumanida Amfiteatr qurish belgilangan, “Ayqulash” va “Maqom” ansambllari, Qo‘g‘irchoq teatri, shuningdek, barcha madaniyat bo‘limlariga Prezident sovg‘asi – zamonaviy avtotransport vositalari topshirildi. Madaniyat bo‘limlari huzuridagi Xalq ansambllari va teatr jamoalari zarur asbob-uskunalar bilan ta’minlandi.
Shuningdek, milliy madaniy meros hisoblangan “Qora uy”ni va Qo‘biz cholg‘u asbobini YUNESKO ro‘yxatiga kiritish choralari ko‘rilmoqda, shu bilan birga, ilk bor yosh iqtidorlardan iborat “Jetkinshek” bolalar xor jamoasi tashkil etilgani, bundan tashqari, “Muza” xususiy teatri ish boshlagani va qisqa vaqt ichida o‘zining ko‘p sonli tomoshabinlariga ega bo‘lgani, bularning barchasi madaniyat va san’at sohasidagi ezgu ishlardir.
[gallery-22838]
Tadbirda bayram munosabati milliy madaniyatimiz bilan san’atimizni dunyoga tanitishga qo‘shgan hissasi uchun Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti vakillari hamda yurtimizning bir qator soha fidoyilariga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining ko‘krak nishonlari hamda Faxriy yorlig‘i, TURKSOY tashkilotining medali hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bayram tadbiri san’at ustalarining konsert dasturi bilan yanada fayzli bo‘ldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA