Madaniyat va san’at – ma’naviy yuksalish va kreativ taraqqiyot mezoni
Mamlakatimizda har yili 15-aprel – Madaniyat va san’at sohasi xodimlari kunining keng nishonlanishi soha zahmatkashlariga bo‘lgan yuksak ehtiromning amaliy ifodasidir. Davlatimiz rahbarining soha xodimlariga yo‘llagan bayram tabrigi shunchaki qutlov emas, balki Yangi O‘zbekiston ma’naviy qiyofasini belgilovchi strategik tahlil va kelajakdagi ustuvor vazifalarni o‘zida mujassam etgan dasturilamal hujjat bo‘ldi. Bugun madaniyat va san’at sohasi ma’naviy tarbiya vositasi bo‘lish bilan birga, milliy iqtisodiyotimizning muhim tarmog‘i — kreativ industriya sifatida ham yangi bosqichga ko‘tarilmoqda.
So‘nggi yillarda sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida madaniyat maskanlarining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyati tubdan mustahkamlandi. Birgina raqamlarga e’tibor qaratsak, yurtimizda qisqa vaqt ichida 2 ta teatr, 19 ta madaniyat markazi, 16 ta muzey va 20 ta musiqa hamda san’at maktabi tashkil etilgani sohadagi izchillikdan dalolat beradi. Ayniqsa, 125 ta tarixiy-madaniy meros ob’ektining asrab qolinishi va Toshkentda O‘zbekiston Milliy muzeyi binosi qurilishining boshlanishi ajdodlar xotirasiga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor namunasidir. Bunday o‘zgarishlar ijodkorlarning ijtimoiy himoyasi, xususan, xodimlar ish haqining o‘rtacha 35 foizga oshirilgani va uy-joy bilan ta’minlash tizimining yo‘lga qo‘yilgani bilan hamohang kechmoqda.
Shu bilan birga, o‘zbek madaniy diplomatiyasi jahon minbarlarida yangi ohang bilan yangramoqda. Avstriyaning nufuzli sahnalarida namoyish etilgan “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” baleti hamda Sohibqiron Amir Temur tavalludiga bag‘ishlangan musiqali opera taqdimoti milliy san’atimizni xalqaro nufuzga ko‘tardi. YUNESKO Bosh konferensiyasining Samarqandda o‘tkazilayotgani, Buxoro va Xorazmda tashkil etilgan xalqaro forumlar O‘zbekistonni mintaqaviy madaniyat markaziga aylantirmoqda. Milliy kino san’atimizdagi “Tirik tarix” turkumidagi loyihalar esa ajdodlarimizning shonli o‘tmishini zamonaviy nigoh bilan gavdalantirish yo‘lidagi dastlabki muvaffaqiyatli qadamlar bo‘ldi.
Biroq, erishilgan natijalar bilan chegaralanib qolmasdan, sohadagi mavjud kamchiliklarni xolis tahlil qilish va zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini joriy etish bugungi kunning kechiktirib bo‘lmas talabidir.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, endilikda madaniyat sohasiga faqat ma’rifat maskani sifatida emas, balki kreativ iqtisodiyotning muhim tarmog‘i sifatida qarash lozim. Oldimizda turgan eng dolzarb vazifa — 2030-yilgacha kreativ iqtisodiyotning yalpi ichki mahsulotdagi ulushini 5 foizga yetkazishdir. Buning uchun madaniy xizmatlar bozorini rivojlantirish, san’at mahsulotlari eksportini kengaytirish va raqamli texnologiyalarni madaniyat muassasalari faoliyatiga to‘liq singdirish talab etiladi.
Madaniyat va san’at xodimlarining fidokorona mehnati millat ma’naviyatini yuksaltirishning bosh omilidir. Yangi tashkil etilayotgan Kreativ industriya parki va soha vakillarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi mukofotlar ijodkorlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Zero, yuksak madaniyatga ega bo‘lgan xalqning kelajagi porloq, islohotlari esa bardavom bo‘ladi. O‘z kasbining fidoyilari bo‘lgan san’at ahlining bilimi va ijodiy salohiyati milliy madaniyatimizni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqishiga shubha yo‘q.
Madinabonu Nasriyeva,
O‘zA