Munosabat
Tyanszin shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashi hamda “SHHT plyus” sammitida juda ko‘p masalalarga e’tibor qaratildi. Xavfsizlik, iqtisodiy hamkorlik va transport yo‘laklari diqqat markazida bo‘ldi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning nutqlarida yana bir muhim jihat – madaniyat va ma’rifatga qaratilgan tashabbuslar ham alohida o‘rin oldi.
Chunki ma’naviy uyg‘unlik xalqlar qalbini yaqinlashtiruvchi eng ishonchli kuchdir.

– Prezidentimiz taklif etgan “Buyuk ipak yo‘li madaniy muloqoti” loyihasi davlatlarni birlashtiradigan ma’naviy platforma vazifasini bajaradi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov. – Masalan, Samarqand aslida ham Buyuk ipak yo‘lining yuragi sanaladi. Bizda madaniy hamkorlikning yangi sahifasini ochish imkoniyati bor. Bu shahar qadimdan turli sivilizatsiyalarning tutashgan maskani bo‘lgan. Bu yerda ilm ham, ma’rifat ham, madaniy muloqot ham yuksalgan. Shu ma’noda, “Buyuk ipak yo‘li muloqoti” tashabbusi nafaqat tarixiy merosga tayanadi, balki yangi asrga ma’naviy yo‘l ochadi.
Davlatimiz rahbarining yana bir tashabbusi “Sayyohlik yo‘lagi” va tibbiyot turizmi alyansini yo‘lga qo‘yish g‘oyasi bo‘ldi. Bu nafaqat iqtisodiy rivojlanish, balki xalqlar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlaydigan qadamdir. Sayyohlik orqali xalqlar bir-birining madaniyatini anglaydi, festival va anjumanlarda esa ko‘ngillar yaqinlashadi.
Madaniy diplomatiya bu qalblar tili sanaladi. Qalblar esa hech qachon qandaydir chegaralar bilan bo‘linmaydi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlarga qaratilgan tashabbuslari esa alohida e’tiborga loyiq. “SHHT universiteti”ning onlayn kampusi, talabalar uchun innovatsion tanlov va olimpiadalar, ilmiy hamkorlik dasturlari yoshlarning bilimga chanqoqligini qondirish, ularni yot g‘oyalardan asrab-avaylashga xizmat qiladi.
Shu jihatdan, bu tashabbuslar shunchaki ta’lim loyihasi emas, balki ekstremizmga qarshi eng samarali profilaktika vositasidir.
Tyanszin sammiti ma’rifat va madaniyat endi qo‘shimcha yo‘nalish emas, balki xavfsizlik va taraqqiyotning asosiy poydevori ekanini yana bir bor isbotladi.
O‘zA muxbiri
Ikrom AVVALBOEV
yozib oldi.