Madaniyat sohasi faoliyati sarhisob qilindi
O‘zbekiston davlat konservatoriyasida Madaniyat vazirligining 2020 yildagi faoliyati yakunlari va galdagi ustuvor vazifalar yuzasidan Hay’at yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi “Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni hamda “O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga oid ishlar, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish chora-tadbirlari yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala bo‘ldi.
Shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat teatrlarining 2020 yil ijodiy, tashkiliy, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi faoliyati yakunlari va 2021 yilga belgilangan ustuvor vazifalar to‘g‘risida ma’lumot berildi. Davlat muzeylari va ularning filiallari faoliyati, ulardagi muammo va kamchiliklar hamda ularning yechimi, muzeylar faoliyatini rivojlantirishga oid muhim vazifalar hamda madaniy meros ob’ektlarida amalga oshirilayotgan konservatsiya va restavratsiya qilish, ulardan oqilona foydalanish ishlari yuzasidan hisobotlar tinglandi.

Shu bilan birga, 2021 yilda Nukus shahrida bo‘lib o‘tadigan "II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali"ga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar holati o‘rganib chiqildi.
Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan beshta muhim tashabbus doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida yoshlarni madaniyat va san’at muassasalariga keng jalb etish orqali ularning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish, badiiy havaskorlik jamoalariga “Xalq havaskorlik” va “Bolalar namunali” jamoalari unvonini berish masalalari muhokama qilindi.
Ayni paytda Madaniyat vazirligi tizim tashkilotlarining baholash reytingi natijalari e’lon qilindi.
Qolaversa, ta’lim muassasalarida talabalarga dars berish jarayonlarini tashkil etish holati, mavjud moddiy-texnik bazasidan oqilona foydalanish hamda yuzaga kelayotgan muammo va ularni bartaraf etish, Respublika baxshichilik san’ati markazi va Maqom markazi tomonidan 2020 yilda amalga oshirilgan ishlar va 2021 yildagi ustuvor vazifalari hamda sohaga investitsiyalarni jalb etish va madaniy turizmni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar bo‘yicha rejalar o‘rganib chiqildi.
Yig‘ilishda kelgusi yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar belgilandi.