YUNESKOning Butunjahon merosi markazi direktori Lazar Elundu Assomo boshchiligidagi delegatsiya ko‘hna va boqiy Buxoroning madaniy, tarixiy va diqqatga sazovor joylariga tashrif buyurib, ularni asrab-avaylash borasidagi rejalarni muhokama qildi.
Shuningdek, Buxoro madaniy merosini asrab-avaylash va rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan taqdimot bo‘lib o‘tdi. Muhokamalarda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, Buxoro viloyati hokimining o‘rinbosari Botirjon Shahriyorov, Buxoro shahri hokimi Qurbon Tursunov hamda O‘zbekistonning YUNESKOdagi doimiy vakili Kamol Muxtarov qatnashdi.



“Wilmotte & Associés” tomonidan taqdim etilgan loyihalar Buxoroning tarixiy qiyofasini saqlab qolishga qaratilgan. Madaniy meros sohasining yetuk mutaxassislari, jumladan, Madaniy meros agentligi vakillari ushbu tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha navbatdagi qadamlar va rejalarni muhokama qildi. Suhbatlarda Madaniy merosni boshqarishda majmuaviy va tizimli yondashuvning muhimligi alohida ta’kidlandi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri