Madaniy meros ob’ektlari – eng katta boyligimiz
Yurtimizdagi minglab madaniy meros ob’ektlari, tarixiy yodgorliklar, osori-atiqalar uzoq yillik boy tariximizdan darak beradi, ota-bobolarimizning aql-zakovatidan, ilmu ma’rifat fidoyisi ekanligidan so‘zlaydi.
Tarixiy yodgorliklar, maqbarayu masjidlar ko‘p asrlik tarixi bilan, mahobatli ko‘rinishi va betakrorligi bilan kishini hayratga soladi. Deyarli barcha hududda mavjud bo‘lgan bir necha asrlik madaniy meros ob’ektlarining aksariyati, ochiq osmon ostidagi muzey sifatidagi tarixiy shaharlarimiz YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.

Bu esa mamlakatimizning jahon maydonidagi mavqeini yanada oshirish hamda dunyo sayyohlarini keng jalb etishda, turizm salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shunday ekan, mamlakatimizning boy tarixidan darak beruvchi madaniy meros ob’ektlarini ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash, tarixni yanada chuqur o‘rganib, tadqiq qilish hamda kelajak avlodga yetkazish bugungi davrning, har bir fuqaroning mas’uliyatli vazifasidir.
Hududlarda hali o‘rganilmagan tarixiy maskanlar, madaniy meros ob’ekti sifatida ro‘yxatga olinmagan yoxud turizm marshrutiga kiritilmagan manzillar juda ko‘p. Bu esa madaniy meros bilan bog‘liq amaliy sa’y-harakatlarni yanada keng ko‘lamda davom ettirishni, fidoyilik ko‘rsatishni talab etadi, ushbu yo‘nalishdagi idora va tashkilotlar zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, madaniy meros ob’ektlarini o‘rganish va targ‘ib etish orqali yurtimizning mavjud turizm salohiyatini yanada kengaytirish va undan samarali foydalanish– mamlakat imijini mustahkamlash bilan birga, iqtisodiyotga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi.
Turizm va sport vazirligining ma’lum qilishicha, yaqinda YUNESKO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy komissiyasi Qoraqalpog‘iston tarixiy yodgorliklarini YUNESKOning Jahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritish uchun tadqiqot ishlarini boshladi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan Qoraqalpog‘istonda mintaqadagi madaniy meros ob’ektlarining salohiyati va qiymatini o‘rganish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot ekspeditsiyasi o‘tkazildi. Xususan, joriy yilning aprel-may oylarida Qoraqalpog‘istonda xalqaro ekspeditsiya ish olib borib, mintaqaning tarixiy va madaniy merosi ob’ektlari salohiyati hamda qiymati baholandi, ularni turli xalqaro ro‘yxatlarga kiritish strategiyasi ishlab chiqildi.

Kompleks ilmiy tadqiqotlar olib borgan xalqaro ekspertlar guruhi tarkibiga arxeologiya, arxitektura, madaniyat hamda yodgorliklar tarixi va hujjatlari sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar kiritildi. Ekspeditsiya Markaziy Osiyo xalqaro instituti homiyligida va London universiteti kolleji ko‘magida «Markaziy Osiyo arxeologik landshaftlari» loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi. Markaziy Osiyo mintaqasi tarixida ilk bor yangi metod va uskunalardan foydalangan holda ob’ektlarni batafsil hujjatlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Ma’lumotlarni yig‘ish uchun mutaxassislar uchta uchuvchisiz uchish vositasidan foydalandi. To‘rt ixtisoslashgan guruh 8 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tdi. Tadqiqotlar natijasida mintaqadagi 53 ta yodgorlik haqida materiallar to‘plandi. 67 mingdan ortiq aerosurat va 144 ta videofilm suratga olindi. To‘liq tadqiqot 5 ming gektardan ortiq maydonni qamrab oldi.
Olib borilgan tadqiqot natijalari batafsil aerosuratlar va har bir yodgorlikning uch o‘lchovli modelidan iborat bo‘ladi. Uning asosida tabiiy, me’moriy, infratuzilma, maishiy va boshqa elementlar aniqlanadi.
Ta’kidlash joizki, bu kabi keng miqyosli tadqiqotlar, uning asosida xalqaro ekspertlar guruhi tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston tarixi va madaniyatining noyob ob’ektlarini saqlash bo‘yicha global strategiyani va ularni YUNESKOning nufuzli xalqaro ro‘yxatiga kiritish dasturini shakllantirishga imkon beradi. Bu esa madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash va ularga sayyohlarni keng jalb etish borasidagi sa’y-harakatlar ko‘lamini yanada kengaytiradi.
Muhtarama Komilova, O‘zA