Madaniy meros ob’ektlari bebaho boyligimizdir
Yurtimizda 8 mingga yaqin madaniy meros ob’ekti mavjud bo‘lib, ularni asrab-avaylash, boyitish, kelajak avlodlarga bus-butun holicha yetkazish muhim vazifalarimizdan hisoblanadi. Bu yo‘nalishda istiqlol yillarida qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentida “Madaniy merosni asrab-avaylash va kontrabandasining oldini olish” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri o‘rinbosari, Madaniy meros departamenti boshlig‘i Kamola Oqilova, Buyuk Britaniya muzeyining Yaqin Sharq bo‘limi kuratori, doktor Sent Jon Simpson, professor Jeyms Allan, doktor Richard Piran Makklari, doktor Andrey Omelchenko va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Seminarda moddiy va nomoddiy madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash borasida olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi. Ma’lumki, bir necha asrlik yoxud ming yillik tarixga ega noyob buyumlar qiymati bebaho. Shu bois ham bunday ashyo va buyumlar noqonuniy savdosining oldini olish, o‘g‘irliklarni bartaraf etish muhim ahamiyatga ega.
Seminar davomida o‘g‘irlangan madaniy meros ob’ektlarini aniqlash va Vataniga qaytarish bo‘yicha akademik hamjamiyat bilan qanday ishlash kerakligi bo‘yicha zarur tavsiyalar o‘rtaga tashlandi. Bu borada Britaniya muzeyi yondashuvi, tajribasi ko‘rib chiqildi. Buxoro viloyatining Vobkent tumanidagi Chashmai Ayyubdan o‘g‘irlangan koshinlar qanday aniqlanganligi, o‘g‘irlab olib chiqib ketilayotgan noyob buyum va koshinlarning chegara kuchlari tomonidan musodara etilgan holatlari, bu jarayondagi ilmiy ekspertiza ishlari borasida ma’lumotlar berildi. Shuningdek, Sankt-Peterburg Davlat Ermitaj muzeyining koshinlarni o‘rganish hamda namoyish qilish tajribasi muhokama qilindi.
Tadbir davomida ekspertlar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar. Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga javob berildi.