Madaniy meros - milliy g‘ururimiz asosi
Shimoliy-g‘arbiy harbiy okrugi Nukus garnizonida O‘zbekiston Respublikasi Turizm va sport vazirligi qoshidagi Madaniy meros agentligi rahbari, O‘zbekiston Respublikasi san’at arbobi, akademik Tursunali Qo‘ziyev bilan ijodiy uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda akademikning “Madaniy meros - har bir inson uchun tarixiy g‘urur poydevoridir” mavzsidagi qiziqarli ma’ruzasi tinglandi.
Jonajon Vatanimizning boy madaniy merosi bugun jahon xalqlarining katta qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Qoraqalpoq xalqi misolida oladigan bo‘lsak, uzoq asrlarga yetgulik qoraqalpoq tarixi bugun arxeologik ob’ektlar, qal’alar orqali jim va sokin so‘zlab turibdi.

Qo‘hna qal’alar, me’moriy majmualar, qadimiy va mo‘’tabar ziyoratgohlar nainki mamlakatimiz, balki jahonning turli davlatlaridan kelgan sayyohlarning mehri va e’tiborini qozongan.
Mohir fotomusavvir, milliy merosimizning jonkuyar va fidoyi, zahmatkash bilimdoni Tursunali Qo‘ziyev o‘z nutqida madaniy merosni asrab-avaylash va uni kelajak avlodlarga yetkazish lozimligi haqida to‘xtalib o‘tarkan, yurt tinchligi va osoyishtaligini ta’minlashga mas’ul harbiy xizmatchilarning bu borada xizmatlari beqiyosligini ta’kidladi. Ayniqsa, Qoraqalpog‘iston hududida xizmat qilayotgan harbiylar bilan qoraqalpoq tarixidan so‘zlovchi qiziqarli ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdi.
- XX asrdagi mashhur bir qo‘shiqda kuylanar edi “Vatan nedan boshlanur?, sen o‘qishni o‘rgangan alifbodandir”, - dedi Tursunali Qo‘ziyev.- Vatan - ona tilidan boshlanadi. Qoraqalpoq zamini juda katta bepayon turistik salohiyat va imkoniyatlar o‘lkasi. Bu - nafaqat ming yillar osha bizgacha yetib kelgan son-sanoqsiz qal’alar, afsonaviy qahramonlar , hali ochilamagan tilsimlar, o‘qilmagan yozuvlar, anglanmagan tarixlar, qatlami necha ming yilliklardan iborat sivilizatsiyalarning bepoyon maydonidir.
Qiziqarli va mazmunli o‘tgan suhbat so‘nggida askarlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
N.Usmonova,
O‘zA