Moddiy madaniy merosni asrab-avaylash bugungi kunda dolzarbdir.
O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Madaniy meros ilmiy- tadqiqot instituti tashkil etilayotir.
Ushbu institut Prezidentimizning 2020 yil 26 maydagi "Madaniyat va san’at sohasining jamiyat hayotidagi o‘rni va ta’sirini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmoni asosida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 29 dekabrdagi "O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros ilmiy- tadqiqot instituti faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq tashkil qilinmoqda.
Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan fundamental, amaliy, innovatsion tadqiqotlarning davlat ilmiy-texnikaviy dasturida nazarda tutilgan mablag‘lar, o‘z faoliyatidan olingan mablag‘lar, xalqaro moliya tuzilmalari va boshqa tashkilotlarning grantlari, qonuniy asosdagi boshqa manbalar Madaniy meros ilmiy-tadqiqot institutining moliyaviy manbalari etib belgilandi.
Madaniy meros, shu jumladan, arxeologiya merosi ob’ektlari, muzey ashyolari va kolleksiyalari hamda madaniy boyliklarini ularning tarixiy-madaniy qimmati va noyobligini saqlagan holda konservatsiyalash, tuzatish, ta’mirlash, hozirgi zamonda foydalanishga moslashtirish, ular bilan bog‘liq ilmiy tadqiqotlar, loyihalash hamda loyiha-hujjatlarini ishlab chiqish ushbu institutning asosiy vazifasidir.
Shu bilan birga, moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk ob’ektlari kadastr hujjatlari, alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlar, shu jumladan, YUNESKOning Umumjahon merosiga kiritilgan hududlarni boshqarish rejalari va merosga bo‘lgan ta’sirini baholash hisobotlarini ishlab chiqish mazkur institut zimmasidadir. Qolaversa, moddiy madaniy merosni asrashga oid ishlar uchun ularning o‘ziga xos jihatlarini inobatga olgan holda yangi usul, material va texnologiyalarni ishlab chiqish, bu boradagi xorijiy ilg‘or texnologiyalarni chuqur o‘zlashtirish, amaliyotga tatbiq etish, yodgorliklarni muzeylashtirish, muzey ekspozitsiyalari loyihalarini yaratish ham institut vazifasiga kiradi.
Ayni paytda institut madaniy merosni, shu jumladan, nomoddiy madaniy merosni va alohida muhofaza qilinadigan tarixiy-madaniy hududlarni ilmiy o‘rganish, hujjatlashtirishda ishtirok etish, ularni muhofazalash, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanish bo‘yicha ilmiy-metodik tavsiyalar ishlab chiqish, sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy etishga ham e’tibor qaratadi.