Pekin shahrida O‘zbekiston madaniyati kunlarining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston-Xitoy madaniyat vazirlari, har ikki davlatning madaniyat sohasi vakillari ishtirok etdi.
Xitoy milliy opera teatrida o‘tkazilgan tantanali marosimda mashhur nemis xoreografi va baletmeysteri Raul Raymondo Rebek tomonidan sahnalashtirilgan “Lazgi – muhabbat va ko‘ngil raqsi” deb nomlangan balet-spektakl namoyish etildi.

O‘zbekiston madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov boshchiligidagi delegatsiya ayni paytda Pekin shahrida bo‘lib turibdi. Muloqotlar davomida soha mutasaddilari iki davlat o‘rtasidagi madaniy-ma’rifiy aloqalarni tobora rivojlantirishga oid yangi rejalarni belgilab olmoqda.

23 yanvar kuni Xitoy nomoddiy meros muzeyida O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’ati ko‘rgazmasi ish boshladi.
Ko‘rgazmaning ochilish marosimida ikki davlat madaniyat vazirlari hamda O‘zbekiston va Xitoy Badiiy akademiyalari raislari ishtirok etdi.

Shuningdek, O‘zbek davlat amaliy san’at muzeyi va Xitoy amaliy san’at muzeyi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolanishi rejalashtirilgan. Bu haqda Madaniyat vazirligi axborot xizmati xabar qilmoqda.
N.Usmonova, O‘zA