Ohangaronda chorvachilik rivojlanmoqda
Prezidentimizning 2025-yil 31-oktabrdagi “Aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qishloq xo‘jaligi yerlaridan samarali foydalanish, chorvachilik infratuzilmasini kengaytirish va mahsulot yetishtirish hajmini oshirish uchun yangi imkoniyatlar yaratmoqda.
Mazkur qarorga muvofiq, umumiy paxta-g‘allachilik va chorvachilik xo‘jaliklarining 10 gektardan kam bo‘lmagan yer maydonlarining 1 foizi, biroq 20 sotixdan oshmaydigan qismida chorvachilik infratuzilmasini barpo etish uchun sharoit yaratish belgilangan.
Bu imkoniyatdan foydalangan holda, Ohangaron tumanidagi “Sohibkor” fermer xo‘jaligida yengil konstruksiyali molxona qurilishi yakunlandi. Shuningdek, chorva mollarini ozuqa bilan ta’minlash uchun zarur baza ham shakllantirildi. Bu kabi ishlar chorvani saqlash va parvarishlash sharoitlarini yaxshilash, xo‘jaliklarning ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Chorvachilik samaradorligi nafaqat infratuzilma va ozuqa bazasiga, balki nasl sifatini yaxshilashga ham bevosita bog‘liq. Shu bois tumanda nasldor qo‘ylar olib kelish va ularni mahalliy xo‘jaliklarda ko‘paytirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Joriy yil iyun oyida Ohangaron tumani hokimi Bahrom Norqobilov boshchiligidagi delegatsiya Mongoliyada bo‘lib, ushbu mamlakatda yetishtiriladigan “Bayat” zotli qo‘ylarni tumanga olib kelish yuzasidan muzokaralar o‘tkazgan edi. Erishilgan kelishuvlar amaliy bosqichga o‘tib, nasldor qo‘ylar importi boshlandi. Jumladan, “Best Metall Construction” MCHJ tomonidan Mongoliyadan 2 ming 243 bosh qo‘y Ohangaron tumaniga olib kelindi.
Mutaxassislarning ma’lum qilishicha, yil yakuniga qadar Mongoliyadan jami 30 ming bosh qo‘y olib kelish rejalashtirilgan. Ayni paytda bu yo‘nalishdagi ishlar davom etmoqda. Mazkur tashabbus naslchilik ishlarini takomillashtirish, chorva mollari bosh sonini ko‘paytirish va fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Shu bilan birga, nasldor chorva mollarini parvarishlash uchun zarur infratuzilma va ozuqa bazasini shakllantirish ham tarmoq rivojida muhim ahamiyat kasb etadi.
Ohangaron tumanida amalga oshirilayotgan ishlar chorvachilikni rivojlantirishning o‘zaro bog‘liq ikki yo‘nalishini — moddiy-texnik sharoitlarni yaxshilash va naslchilik salohiyatini oshirishni qamrab olmoqda. Ularning izchil davom ettirilishi kelgusida chorvachilik mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, fermer xo‘jaliklari samaradorligini oshirish va aholini oziq-ovqat mahsulotlari bilan barqaror ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.
A.Musayev,O‘zA