Lvovda O‘zbekistonlik bokschi jang o‘tkazadi
Bugun kechki payt Ukrainaning Lvov shahridagi “Malevich” san’at saroyida professional boks bo‘yicha xalqaro musobaqa o‘tkaziladi, deya xabar tarqatdi O‘zbekiston professional boks federatsiyasi matbuot xizmati.
Mazkur boks musobaqasining asosiy jangi WBO Oriental kamari uchun bo‘lib o‘tadi. Unda hamyurtimiz Muhammadsalim Sotvoldiyev yarim o‘rta vaznda(63,5 kg) Armanistonda tug‘ilgan, Ukraina bayrog‘i ostida jang olib boradigan Aram Faniyanga qarshi ringga ko‘tariladi,
Ma’lumki, ayni paytda mazkur kamar sohibi Aram Faniyan hisoblanadi. U o‘tgan yili ushbu kamarni qo‘lga kiritgan edi. Yil davomida bir marta chempionlik kamarini himoya qilgandi. Farg‘onalik 26 yoshli Sotvoldiyev esa 2017 yildan beri professional boksda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Keyingi 3 ta jangining 2 tasida g‘alabaga erishib, 1 tasida durang natija qayd etgan.
– Lvovdagi jangda WBO tasnifida TOP-15 talikdagi kuchli bokschi bilan bahslashaman. Raqibimni har jihatdan o‘rganib chiqqanman. Nohaqlik bo‘lmasa, albatta, g‘alaba qozonaman, – deydi Muhammadsalim Sotvoldiyev.
Kecha musobaqa oldidan o‘tkazilgan tarozi, ko‘z urishtirish va Matbuot anjumani marosimida sportchilar va ularning vakillari jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
To‘lqin Ro‘ziyev