Luqma: “layk”lar vahimasiga uchmang
Har yili anʼanaviy oʻtkaziladigan “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari aniqlanishiga sanoqli kunlar qoldi.
Har yili anʼanaviy oʻtkaziladigan “Eng ulugʻ, eng aziz” tanlovining respublika bosqichi gʻoliblari aniqlanishiga sanoqli kunlar qoldi.
Shu kecha-kunduzda ushbu tanlov ishtirokchilari tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda “menga layk bosing”, “menga ovoz bering” qabilidagi postlar urchidi. Ijtimoiy tarmoqlarda faollar allaqachon oʻziga “ochko” yigʻish ishlarini qoyillatmoqda...
Tanlov ishtirokchilari orasida katta yozuvchilar, taniqli jurnalistlar va koʻplab ijodkorlar bor. Bizningcha, ular menga “ovoz bering” deyishni oʻziga ep bilmaydi. Qolaversa, yaxshi asarlar qiymati birgina “layk” bilan baholanmaydi.
Tashkilotchilar bilan bu masalada bogʻlanganimizda tanlov uchun hakamlar jamoasi tashkil etilgani, ular taqdim etilgan asarlar saviyasi, ijodkor mahoratini alohida mezonlar asosida baholashini maʼlum qildi.
Shunday ekan, “layk” ololmasangiz xafa boʻlib yurmang. Kam ovoz toʻplash yaxshi ijodiy ishning qiymatini tushirmaydi. Yaxshi ijodiy ishlar, albatta, asl bahosini oladi.
Tanlov haqida qisqacha: Tanlovga “Sen – qudrat manbai, saodat maskani, jonajon Oʻzbekistonim!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan va 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi hamda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida mamlakatimizni har tomonlama obod qilish, uning iqtisodiy qudratini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni, Oʻzbekistonning dunyo hamjamiyatidagi nufuzi va obroʻsi oshib borayotgani, pandemiya sharoitida ham davlat va jamiyat hayotidagi oʻzgarishlar izchil davom etayotganini hayotiy misollar va ilmiy asoslangan tahlillar asosida xolis va haqqoniy yorituvchi ijodiy asarlar qabul qilinadi.