Loyihalar tanlovi
Sirdaryo viloyati Sayxunobod tumanida tuman hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan “IDEATHON” innovatsion startaplar tanlovi yoshlarning intellektual salohiyati, kreativ fikrlashi va texnologik yechimlarga bo‘lgan qiziqishini yaqqol namoyon etgan nufuzli maydonga aylandi.
Hududda startap ekotizimini shakllantirish, innovatsion g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa, sun’iy intellekt yo‘nalishidagi ilg‘or loyihalarni rag‘batlantirish maqsadida o‘tkazilgan mazkur tanlov innovatsion muhitni shakllantirish, yoshlarni tadbirkorlikka jalb etish hamda ularning g‘oyalarini real iqtisodiyotga integratsiya qilishda muhim o‘rin tutdi. Qolaversa, u yoshlar uchun o‘ziga xos bilim, tajriba va imkoniyatlar platformasi vazifasini o‘tadi.

Tanlovda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlardan iborat 18 ta jamoa ishtirok etdi. Ular GovTech, FinTech, AgroTech, EduTech va HealthTech kabi zamonaviy va dolzarb sohalardagi startap loyihalarini taqdim etib, jamiyatning turli jabhalarida mavjud muammolarga innovatsion yechimlar taklif qildi. Har bir loyiha ortida izlanish, tahlil va amaliy yondashuv mujassam ekani hakamlar hay’ati tomonidan alohida e’tirof etildi.

Ayniqsa, ishtirokchilarning sun’iy intellekt elementlarini amaliyotga tatbiq etishga bo‘lgan intilishi diqqat markazida bo‘ldi. Bu esa, o‘z navbatida, hudud yoshlari zamonaviy texnologiyalar bilan hamnafas rivojlanayotganidan dalolat beradi.
Hakamlar hay’ati tomonidan loyihalar dolzarbligi, innovatsionlik darajasi, amaliy ahamiyati hamda kelgusida keng joriy etish imkoniyatlari asosida baholandi. Qizg‘in va adolatli bahs-munozaralardan so‘ng g‘oliblar aniqlandi.

Natijalarga ko‘ra 1-o‘rin “Smart Ambulance” loyihasiga nasib etdi. Ushbu ishlanma tez tibbiy yordam tizimini raqamlashtirish va favqulodda holatlarda tezkor qaror qabul qilish samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ajralib turdi. 2-o‘rinni “Toza hudud” loyihasi egallab, atrof-muhitni muhofaza qilish va chiqindilarni boshqarish sohasidagi innovatsion yechimlari bilan e’tibor qozondi. 3-o‘rin esa “Aqlli gul tuvak” loyihasiga nasib etdi. Ushbu g‘oya qishloq xo‘jaligi va xonadonlarda o‘simlik parvarishini avtomatlashtirishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.
Tadbir yakunida g‘oliblar va faol ishtirokchilar tuman hokimligi tomonidan diplom, sertifikat va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri