Joriy yilning 1 sentyabriga qadar barcha davlat boshqaruvi organlari, xo‘jalik birlashmalari rasmiy veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari, 1 oktyabriga qadar esa bosma OAVlarni bosqichma-bosqich to‘liq lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tkazilishi belgilangan.
Buxoro viloyatida hukumatning mazkur topshirig‘i ijrosini ta’minlash hamda tegishli mas’ul ijrochilarning lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga oid bilimlarini yanada takomillashtirish maqsadida shahar va tumanlar hokimlarining maslahatchilari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, boshqaruv organlarining rasmiy veb-sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarini yurituvchi matbuot xizmati xodimlari, bosma OAV musahhihlari uchun seminar trening o‘tkazildi.
Seminarda mamlakatimizda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tishning huquqiy asoslari haqida so‘z bordi. Mazkur alifbodagi harf belgilari birmuncha ustunliklarga ega.
Xususan, “Q”, “H” tovushlarini ifodalash uchun kirill alifbosidagi mavjud harflarga ma’lum belgilar qo‘shilgan bo‘lsa, lotin alifbosida bevosita ifodalovchi “Q”, “H” harflari mavjud.
Shu bois ham o‘tgan asrning 20-yillarida jadidlar tomonidan o‘zbek alifbosini tartib berishda dastlab lotin yozuvi harfiy belgilaridan foydalanilgan. Ammo keyinchalik, aniqrog‘i 40-yillarda sho‘ro mustamlakachiligi belgisi sifatida kirill alifbosi qo‘llanilgan.
Ayni paytda maktab va boshqa ta’lim muassasalarida 1995 yilda yangi tahrirda qabul qilingan «Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida»gi Qonun asosida darslar ushbu yozuvda o‘tib kelinayotgan bo‘lsada, aksariyat davlat idoralarida hanuzgacha kirill alifbosida ish yuritib kelinmoqda. Lotin yozuviga asoslangan yangi o‘zbek alifbosida xatosiz yoza olamizmi? Albatta yoshlarning boshqa yozuvda saboq chiqarib, boshqa yozuvda ish yuritishi birmuncha noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda.
Shu sababdan ham ish yuritishda to‘liq yangi alifboga o‘tish borasida tegishli choralar ko‘rilmoqda.
Seminarning amaliy mashg‘ulot qismida Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hududiy bo‘linmasi o‘qituvchisi Rahima Yarasheva tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi imlo qoidalari, harfiy va ishoraviy belgilarning xatosiz yozilishi, shuningdek, faoliyatda bahsli bo‘lib turgan “yo”lovchi unlilar (ya, yo, yu, ye), “s” harflari bilan ifodalangan tovush birikmalarining lotin alifbosida so‘zning turli qismlarida to‘g‘ri yozish qoidalari, “X” va “H” harflarini og‘zaki va yozma nutqda to‘g‘ri qo‘llash asoslari xususida tushuntirishlar berildi.
[gallery-3380]
Zarif Komilov, Tohir Istatov (surat), O‘zA