Buyuk Britaniyaning London shahridagi O‘zbekiston elchixonasi va “Maqām Beyond Nation” loyihasi ko‘magida Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti dotsenti, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ilyos Arabovning mahorat darsi tashkil qilindi.
Ilmiy-akademik doira vakillari, jumladan, taniqli san’atshunoslar, professorlar va talabalar ishtirok etgan tadbir O‘zbekiston va Britaniya o‘rtasidagi madaniy hamkorlik aloqalarini yanada jadallashtirish, respublikaning musiqa va maqom san’atini keng targ‘ib etishni maqsad qilgan.

Ilyos Arabov noyob ovozi, maqom ijrochiligi va musiqiy asboblarda mahoratli ijrolar taqdim etdi. Mahorat darsida yurtimizning qadimiy Shashmaqom san’ati va maqom tarixi xususida fikr yuritildi.
San’at vakillariga, shuningdek, respublikada madaniyat va san’atni rivojlantirish, ijtimoiy sohalar hamda ajdodlarimizning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish yo‘nalishida olib borilayotgan sa’y-harakatlar haqida ma’lumot berildi.

Shuningdek, SOAS universiteti professori Reychel Xarris 2024 yil 27-28 iyun kunlari Jizzax viloyati Zomin tumanida o‘tkazilgan II Xalqaro maqom festivali va “Maqom san’atini rivojlantirish istiqbollari” konferensiyadagi ishtiroki to‘g‘risida ijobiy fikrlar bildirdi.

Qayd etish kerak, Reychel Xarrisning tadqiqotlari, ayniqsa, Xitoy va Markaziy Osiyodagi nomoddiy madaniy meroslarni o‘rganishga bag‘ishlangan. Nomzod etnomusiqashunoslik fanidan ta’lim berishda katta tajribaga ega. Mazkur sohaga doir ko‘plab adabiyotlar va maqolalar muallifi hisoblanadi.
Tadbirda, shuningdek, kelgusida SOAS universiteti bilan O‘zbekiston san’at vakillari o‘rtasida madaniy tadbirlarni davom ettirish, madaniyatlararo muloqotni yanada rivojlantirishga kelishib olindi.
Behruz Xudoyberdiyev, O‘zA