“Lochinlar” jamoasi finalda bahslashadi
Andijonda “Yosh chegarachilar” musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi viloyat kengashi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan tanlovning viloyat bosqichida mamlakatimizda Qurolli Kuchlar tizimini isloh qilish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatini yuksaltirish, yosh avlodni vatanparvarlik, harbiy burchga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning ruhiy va jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda “Yosh chegarachilar” tanlovi muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlandi.

Musobaqada tuman va shahar bosqichlarida yuqori natija ko‘rsatgan 8 ta jamoa belgilangan – saf tayyorgarligi, yugurish, turnikka tortinish, o‘q otish, qurolni sochish va yig‘ish shartlari asosida g‘oliblik uchun bahslashdi.

Musobaqaning yakuniy natijalariga ko‘ra, Paxtaobod tumanidagi 21- ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabining “Lochinlar” jamoasi birinchi o‘rinni egallab, tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Musobaqada ikkinchi o‘rin Izboskan tumani “Yosh chegarachilar”, uchinchi o‘rin esa Marhamat tumani “Temurbeklar” jamoasiga nasib etdi.

G‘olib va sovrindorlar, shuningdek, turli nominatsiyalar bo‘yicha g‘olib deb topilgan jamoalar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.




F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat),
O‘zA