Livanda bayram kunlari otishma yuz berdi
Livanda yangi yil oqshomida qurolli tartibsizlik sodir etgani uchun 30 dan ziyod kishi qamoqqa olindi.
Hodisa natijasida odamlar jarohatlangan, uchta samolyotga zarar yetkazilgan, deyiladi mamlakat ichki ishlar vazirligi tarqatgan xabarda.
Bundan avvalroq Livan ommaviy axborot vositalari Bekaa tumanida suriyalik qochqin ayol daydi o‘qdan halok bo‘lgani va yana uch kishi, jumladan, yosh bola jarohat olganini yozgan edi. Mamlakat aviakompaniyasi bergan bayonotga ko‘ra, Bayrutda osmonga qarata tartibsiz o‘q uzilishi oqibatida uchta samolyot jiddiy ziyon ko‘rgan.
"Yangi yil kechasi ayrim fuqarolar qonunni buzib, ichki xavfsizlik xizmati ogohlantirishini inkor etgan holda havoga qarata tartibsiz o‘q uzishgan. Shu sababli mamlakatning turli hududlarida 34 kishi hibsga olindi", - deyiladi bayonotda.